Surxondaryoda o‘qituvchi va murabbiylar sharaflanmoqda
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Termiz shahridagi “Afro‘z” to‘yxonasida Surxondaryo viloyati markazidagi ta’lim muassasalarida yosh avlodga ilm-fan sirlarini o‘rgatayotgan ustozlar uchun 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tantanali tadbirda Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim sifatiga qaratilayotgan e’tibor, o‘qituvchi-murabbiylarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar hamda sohada yuz berayotgan yangilanishlar haqida atroflicha fikr yuritdi. Jamiyatda ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan mehridaryo ustozlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabrikladi.

Ta’kidlandiki, so‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaytirilib, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari optimallashtirildi. Nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Yangi oliy ta’lim muassasalari va filiallarning tashkil etilishi, turli yo‘nalishlar bo‘yicha kechki va sirtqi bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim qamrovi darajasining oshirilishi ham Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qodir, chuqur bilimli yoshlarni tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, o‘tgan besh yilda Termiz shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 29 tadan 114 taga yetdi. Bolalar qamrovi 4 ming 150 nafardan 11 ming 158 nafarga ortib, 74 foizni tashkil etmoqda.
Ayni paytda voha markazida mavjud 26 maktabda ilm-fan sirlarini chuqur o‘rganayotgan 34 ming 366 o‘quvchiga 24 mingdan ortiq o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda.

2021-2022 o‘quv yilidan shahardagi 7-maktabga yapon tiliga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi maqomi berilib, yapon tiliga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 16-sonli maktabga informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi maqomi berildi. Shahardagi xalq ta’limi muassasalari zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlanib, yuqori tezlikdagi optik tolali internetga ulangani, barcha zamonaviy sharoitlarga ega Prezident maktabi bunyod etilgani va joriy o‘quv yilidan Bog‘ishamol mahallasida 1 ming 540 o‘rinli zamonaviy yangi maktabning o‘quvchilarni qabul qilgani ham sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir. Bunday ulkan yangilanishlar yosh avlodning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Bayram tadbirida bir guruh soha xodimlari shahar hokimining Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Elimiz ardog‘idagi ustoz va murabbiylar bir piyola choy bahona dildan suhbat qurdi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi davraga o‘zgacha fayz ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA