Surxondaryoda do‘kon o‘g‘rilari ushlandi
Surxondaryo viloyatining Denov, Sho‘rchi, Angor va Muzrabot tumanlarida joriy yil noyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida savdo do‘konlarida yuziga niqob taqqan noma’lum shaxslar kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinada harakatlanib, o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, shu yil 25 noyabr kuni Denov tumani Namuna mahallasida yashovchi K.A. viloyat IIBning 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, mahalladagi oziq-ovqat do‘konidan o‘n million so‘m atrofidagi pul va oziq-ovqat mahsuloti o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv – surishtiruv chog‘ida jinoyatchilar kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinada kelgani aniqlangan. Bunday holat shu tumandagi Yangihayot mahallasida joylashgan oziq-ovqat do‘konida ham 2022 yil 22 noyabrdan 23 noyabrga o‘tar kechasi yuz bergan. Holat o‘rganilganida gumonlanuvchi shaxs soat 04:32 da do‘kon ichkarisiga kirib, 04:37 da do‘kon ichidan chiqib ketgani ma’lum bo‘lgan. Ular kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinada harakatlangani va 4 ta baloniga “Lasseti” avtomashinasining kalpagi qo‘yilgani, avtomashinaning davlat raqami 30 * ??? **sonlar bilan boshlanishi oydinlashgan.
24 noyabrdan 25 noyabrga o‘tar kechasi shu tumandagi Qoraxon mahallasida yashovchi fuqaro A.B.ning oziq-ovqat do‘konida tungi 00:59 dan 01:03 o‘rtasida yana o‘g‘irlik jinoyati yuz bergan. Tezkor qidiruv – surishtiruv paytida gumonlanuvchilar to‘rtta baloniga “Lasseti” avtomashinasi kalpagi qo‘yilgan kulrang “Neksiya 2” rusumli yengil mashinada kelgani va uning haydovchi tomon orqa farasining biri yonmasligi aniqlangan. Yana bir holatda 28 noyabrdan 29 noyabrga o‘tar kechasi Sho‘rchi tumani Bobur mahallasidagi do‘kondan 2 million 500 ming so‘m o‘g‘irlangan. Do‘konga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasiga savdo do‘koniga soat taxminan 01:52 larda noma’lum shaxslar “Neksiya-2” avtomashinasida kelib, do‘kon eshigi qulfini buzib ochib, 2 million 500 ming so‘m pul, sigaret, suv va bananlarni o‘g‘irlab, soat 01:59 larda do‘kondan chiqib ketgani tushib qolgan. 29 noyabrdan 30 noyabrga o‘tar kechasi shunga o‘xshash o‘g‘irlik Angor tumani Guliston mahallasi At-Termiziy ko‘chasidagi “Samira Market Angor” oilaviy korxonasiga qarashli oziq-ovqat do‘konida ro‘y bergan. Soat 02:18 larda Sherobod tumani tarafdan harakatlanib kelgan kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinadagi ikki noma’lum shaxsning biri avtomashina ichida atrofga qarab turgan.
Yuziga tibbiyot niqobi va qo‘liga tibbiyot rezina qo‘lqop kiygan noma’lum shaxs avtomashinadan tushib, oziq-ovqat do‘koni eshigini “otvyortka” yordamida ochib, qo‘lidagi fonarikni yoqib, do‘kon ichkarisiga kirgan. U yerdagi pullar saqlanadigan joy – shkafda savdodan tushgan 1 ming 700 dollar, 22 million so‘m pul va “Novey T300” markali telefon apparatini o‘zi bilan olib kelgan polietilen paketga solib, tashqariga chiqqan. Avtomashinada kuzatib o‘tirgan ikkinchi noma’lum shaxs mashinadan tushib, jinoiy sherigining qo‘lidagi polietilen paketni olgan va avtomashinaga qo‘ygan.
Do‘kondan o‘g‘irlik qilib chiqqan shaxs esa oziq-ovqat do‘koni yonidagi “Alko market” do‘koniga eshikni “otvyortka” bilan buzish yo‘li orqali kirishga urinib, bu ishni uddalay olmagan. Keyin avtomashinaga o‘tirib Angor tumani markazi tomon harakatlangan. Noma’lum shaxslar hodisa sodir etilgan joydan soat taxminan 02:45 larda chiqib ketgan. Mazkur kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinaning ham tormoz urgan vaqtida orqa chap tomondagi farasi yonmasligi, shinalarida 15 diametrli belgilari mavjudligi aniqlangan.
Gumonlanuvchilar 1 dekabrdan 2 dekabrga o‘tar kechasi soat 01:00 lar atrofida Muzrabot tumani Oriyat mahallasidagi savdo do‘koniga kulrang raqamsiz “Neksiya-2” rusumli avtomashinada kelib, dastasi qora rangli pichoq bilan do‘konning akfa eshigini ochayotgan paytda qorovulxonada yotgan voyaga yetmagan A.B. eshikni tashqaridan kimdir ochayotganini sezib qolgan. U qorovulxonadan chiqib, savdo do‘koniga o‘tganida yuziga qora rangli niqob taqqan, qo‘lida dastasi qora rangli pichoq bilan noma’lum shaxs A.B.ga “Oldimga yaqinlashma, kelsang o‘ldiraman”, deya tahdid qilgan. Shundan so‘ng noma’lum shaxs savdo do‘konidan chiqib, kelgan avtomashinasiga o‘tirib, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur jinoyatlarni sodir etib yurgan shaxslarni qo‘lga olish uchun IIB xodimlari tegishli surishtiruv olib borib, do‘kon va aqlli bekatlarda mavjud kuzatuv kameralariga tushib qolgan ikki nafar fuqaroning tashqi ko‘rinishi, kiyimlari hamda boshqaruvidagi avtomashinasi yuzasidan kuzatuv olib bordi. Natijada ular o‘g‘irlikni yuziga tibbiyot niqobi, qo‘lida tibbiyot qo‘lqopi taqib, kulrang “Neksiya” rusumli avtoulovda davlat raqam belgisi yopiq holatda sodir etib yurgani aniqlandi. Shaxsiga aniqlik kiritish uchun Sho‘rchi, Denov tumani IIB va viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamkorligida surishtiruv ishlari olib borildi.
Olingan tezkor ma’lumot asosida kuzatuv kamerasiga tushib qolgan kulrang “Neksiya 2” avtomashinasi Denov tumani Namuna mahallasida harakatlanib ketayotgan vaqtda nazorat tartibida to‘xtatib tekshirilganida uni Denov tumanida yashovchi A.Sh. boshqarib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtomashina ichi ko‘zdan kechirilganda o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilgan vaqtlarda avtomashinasi raqami berkitilgan temirdan yasalgan M5 yozuvli 2 dona raqam, do‘konlar va aqlli bekatlarni ochish uchun foydalanilgan bir dona qora rangli pichoq va uning g‘ilofi hamda bir dona qora rangli yoritish moslamasi borligi aniqlandi. Surishtiruv chog‘ida Denov tumanida yashovchi A.Sh. o‘z avtomashinasida Termiz shahrida yashovchi tanishi F.Sh. bilan doimiy viloyat hududi bo‘ylab, do‘kon va aqlli bekatlarda o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etib yurgani oydinlashdi.
Gumonlanuvchi F.Sh. ham viloyat IIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Termiz shahri hududida qo‘lga olindi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha surushtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri