Surxondaryoda anorzorlar yanada kengayadi
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali tadqiqotchilarini qabul qildi.
Prezidentimiz joriy yil 1-2 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida Sherobod tumanida anor yetishtirish va uni qayta ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali tadqiqotchilari bilan uchrashgan edi.

Tumandagi 48 ta mahallaning 33 tasida anor parvarishlanadi. Yiliga o‘rtacha 30 ming tonnagacha boldek shirin meva yig‘ib olinmoqda. Joriy yilgacha tumanda 2 ming 400 gektar anorzor bor edi. Bu yil hosildorligi past bo‘lgan 3 ming gektardan ziyod paxta va ikrg‘alla maydonlari o‘rnida fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlar anor bog‘lari barpo etib, qo‘shimcha 3 mingta yangi ish o‘rni yaratdi.
Uch yildan keyin yangi anorzorlardan 18 ming tonna hosil olinadi. Uning 8 ming tonnasini qayta ishlab, 10 ming tonnasini eksport qilish rejalashtirilgan. Yaqin yillarda vohadagi 43 ming xonadonga anor ko‘chatlari joylashtiriladi.

Davlatimiz rahbari anor bog‘lari va anor mevasini qayta ishlaydigan zamonaviy korxona bilan tanishgach, Surxondaryoda qishloq xo‘jaligini innovatsion yo‘naltirish bo‘yicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni ko‘paytirish yuzasidan tegishli topshiriqlarni berdi. Anorchilik bo‘yicha labaratoriya barpo etish, kasalliklardan himoya qilish, qo‘llanmalar, navlar yaratish bo‘yicha vazifalar yuklandi.
Viloyat hokimi Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali tadqiqotchilari bilan Surxondaryoda anor yetishtirishning ilmiy bazasini yaratish, xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari, ko‘chat yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, yangi anor navlarini yaratish xususida atroflicha fikr almashdi. Mutaxassislarning takliflarini tingladi. Mevalar qiroli bo‘lgan anorchilikni rivojlantirib, aholi farovonligini taminlash yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA