Surxondaryoda 190 mingga yaqin o‘quvchi kitobxonlik tanlovlarida ishtirok etdi
Surxondaryo viloyatida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning mutolaaga qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkazilgan turli tanlovlarga 190 mingga yaqin o‘quvchi jalb etildi. Mazkur tanlovlar yakuniga bag‘ishlangan «Kitobxonlik festivali» Termiz shahridagi 26-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Festivalda ta’lim sohasi mas’ullari, hududiy bolalar kutubxonalari vakillari, pedagoglar, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida kitob mutolaasini ommalashtirish, maktab kutubxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat miqyosida tashkil etilgan «Eng kitobxon maktab», «Eng faol kitobxon o‘quvchi», «Ijodkor bolalar», «Eng kitobxon oila» va «Eng faol kutubxonachi» ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari festivalda munosib taqdirlandi.
Xususan, «Ijodkor bolalar» yo‘nalishida Termiz tumanidagi 8-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Umida Muhammadiyeva, «Eng faol kitobxon o‘quvchi» nominatsiyasida Oltinsoy tumanidagi 20-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Latofat Shoymardonova g‘olib deb topildi. «Eng faol kitobxon maktab» yo‘nalishida Qumqo‘rg‘on tumanidagi 70-sonli maktabning «Zukko kitobxon» jamoasi yuqori natija ko‘rsatdi. Sherobod tumanidagi 36-sonli maktab kutubxonachisi Ruhiya Normamatova esa «Eng faol kutubxonachi» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Festival davomida tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan 12 nafar o‘quvchi rag‘batlantirildi. Shuningdek, bolalarni kitobga oshno etish, kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish va mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatgan bir guruh kutubxonachilar ham taqdirlandi.
Tadbir o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va ijodiy dasturlar bilan davom etdi.
[gallery-32287]
Mazkur festival yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda oila, maktab va kutubxona hamkorligini mustahkamlashga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA