Surxondaryoda 176 oila yarashtirildi
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati organlarida har haftaning ikki kuni aliment kuni sifatida belgilanib, mutasaddi tashkilotlar hamkorligida rejali tadbirlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirning ilk ikki kunida mahalla ko‘y, katta hayot tajribasiga ega yoshi keksalar va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida 176 oila yarashtirildi.
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarma va uning hududiy bo‘limlarida aliment undirish bilan bog‘liq 20 ming 400 dan ortiq ijro hujjati mavjud bo‘lib, kelib tushayotgan murojaatlar tahlil etilganida ularning 70 foizdan ortig‘i aliment undirish bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Vohada haftaning ikki kuni aliment kuni, deb belgilangani ushbu murojaatlarni kamaytirish barobarida ajrashish yoqasida turgan ko‘plab oilalarning qayta tiklanishiga xizmat qila boshladi.
– Hadisi sharifda ham nizo tufayli arazlashib yurgan insonlar orasiga tushib, ularni yarashtirish, sog‘lom turmush tarziga qaytarish ulug‘ ish, savob amal ekani bayon etilgan, – deydi MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov.
– Ba’zi oilalarda arzimagan sabab bilan mehr-oqibat ko‘tarilib, ajrashmoqchi bo‘lishganda mahalla-ko‘y, qavm-qarindoshlar pand nasihat qilib, ularni saqlab qolishga intiladi. Byuro xodimlari ham nafaqat aliment qarzdorliklarini undirish, shuningdek, ajrashgan oilalarni yarashtirishni o‘zlarining burchi deb biladi. Viloyatda haftaning ikki kunida 176 oilaning yarashishga qaror qilgani bunga yaqqol dalildir. Endilikda ularning begunoh guldek o‘g‘il-qizlari yana ota-ona bag‘rida shodon yashash baxtiga muyassar bo‘ldi.
MIB viloyat boshqarmasi tuman va shahar bo‘limlarining ikki kunlik tadbiri chog‘ida 715 nafar aliment to‘lovchidan 1 milliard 862 million so‘m undirib berildi. O‘z jigarbandlari uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 4 nafar otaga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudning qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bir nafar qarzdor otaga aliment pullarini qasddan to‘lashdan bosh tortgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jumladan, Uzun tumani Uzunqishloq mahallasida yashovchi K. To‘ychiyev xonadonida turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli oila ajrim yoqasiga kelib qolgan edi. Tadbir ishtirokchilarining pand-nasihatlari, maslahatlari bilan o‘rtadagi nizolar barham topib, oila yarashdi. Ular bir nafar farzandining kelajagi uchun oila mustahkamligini ta’minlashga so‘z berib, hayotda to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
Ulug‘ maqsadga yo‘naltirilgan mazkur tadbir davom etadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA