Suratlarda aks etgan yurtdoshlarimiz siymosi
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan «Portret» deb nomlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu ko‘rgazmada Milliy bank kolleksiyasida saqlanayotgan portret janridagi eng sara asarlar namoyish etilmoqda.
«Portret» ko‘rgazmasi ilk bor o‘tkazilmoqda. O‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tasviriy san’at asarlarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Bu esa Milliy bank kolleksiyasidagi portretlar galereyasini shakllantirishda, boyitishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda mazkur portretlar kolleksiyasi XX asrning birinchi yarmidan hozirgi kungacha ishlangan turlicha ijodiy yondashuvdagi 120 dan ortiq portret asarlaridan iborat.
Mazkur ko‘rgazma Vatanimiz mustaqilligiga bag‘ishlangani bejiz emas. Zero, jonajon O‘zbekistonimizda kechayotgan yangilanishlar, buyuk bunyodkorlik ishlari eng avvalo oddiy odamlar, turli soha mehnatkashlarining zahmatli izlanishlari, ibratli sa’y-harakatlari natijasida ro‘y bermoqda.

Portret tasviriy san’atning eng murakkab, ijodkordan katta mas’uliyat talab etuvchi janridir. Mazkur janr inson ruhiyati, fe’l-atvori, ichki dunyosini ochib berishda alohida ahamiyat kasb etadi. Portret san’atida shaxsni idrok etishning yangi shakllarini kashf qilish, avvalo, rassomning shaxsiyati va iste’dodiga bog‘liq.
Tomoshabinlar ko‘rgazmada namoyish etilayotgan portretlarda uyg‘unlik, ichki dunyoning aks etishi, temperament, milliy xarakter muammolarini yechishda ijodkorlar naqadar turlicha yondashganini his etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu ko‘rgazmada oddiy odamlarimiz, turli soha vakillari, ijodkor ziyolilarning portretlari bilan tanishish mumkin.
Ko‘rgazma 2023 yil 30 sentyabrgacha davom etadi.
N.Usmonova,
O‘zA