Sun’iy intellekt yoshni aniqlaydi
Yangi ilmiy tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt ko‘krak qafasi rentgenogrammasi orqali insonning biologik yoshini ko‘rsatadi.
Yaponiyadagi eng yirik ilm maskanlaridan biri – Osaka universiteti olimlari ko‘krak qafasini rentgen nuri yordamida suratga olib, odam necha yoshda ekanini aytadigan ilg‘or sun’iy ong modelini ishlab chiqdi.
“The Lancet Healthy Longevity” jurnalida chop etilgan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, mutaxassislar sun’iy intellekt tomonidan hisoblangan yosh insonning haqiqiy yoshiga nisbatan qancha katta bo‘lsa, surunkali kasallikka chalinish ehtimoli shuncha yuqori bo‘lishini aniqladi. Muallif Yasuxito Mitsuyama natija ko‘krak qafasi rentgenogrammasida aniqlangan yosh xronologik yoshdan qat’i nazar, salomatlik holatini aniq aks ettirishi mumkinligini ta’kidlaydi. Masalan, sog‘lom odamda ko‘krak tasviri orqali aniqlangan yosh haqiqiy yoshga to‘g‘ri keladi. Kishida gipertenziya yoki boshqa surunkali kasallik mavjud bo‘lsa, sun’iy intellekt tomonidan hisoblangan model bemorning haqiqiy yoshiga nisbatan yuqori ko‘rsatkich beradi.