Sug‘urta reklamasiga oid qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi
Quyi palata majlisida sug‘urta xizmatlariga oid reklamalarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda so‘nggi yillarda moliyaviy xizmatlar bozorini, jumladan, sug‘urta sohasini jadal rivojlantirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash, aholi va tadbirkorlarning ushbu xizmatlarga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat J.Abdullayev. — Xususan, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham bu borada muhim vazifalar belgilangan.

Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning ayrim moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, sug‘urta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborotni ijtimoiy axborot etib belgilash hamda ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari sifatida sohalardagi vakolatli davlat organlarini ham kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi sug‘urta bozori professional ishtirokchilari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida iste’molchilarni keng qamrovli va ishonchli axborot bilan ta’minlash orqali ularning bu xizmatlardan foydalanishida qulay shart-sharoitlar yaratish, aholida esa sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchni oshirishni nazarda tutadi.
Muhokamalarda qayd etilganidek, bugungi kunda sug‘urta bozori rivojlanib bormoqda. Loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar aholi va tadbirkorlarning sug‘urta faoliyatiga oid savodxonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, sug‘urta xizmatlariga oid reklamalar ijtimoiy reklama sifatida keng targ‘ib etilishi sug‘urta faoliyati, imkoniyatlari haqida aholining xabardorligini yanada oshiradi.
Muhokamalarda ayrim savollar o‘rtaga tashlanib, munozaralarga sabab bo‘ldi. Deputatlar ovozi bilan qonun loyihasi uni yanada takomillashtirish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA