Sudlar mustaqilligini ta’minlash – eng ustuvor vazifa
Bu orqali biz davlat va jamiyat hayotini erkinlashtirish, inson va fuqarolar huquq hamda erkinliklarining kafolatlari mexanizmini yaratish borasida jahondagi yetakchi davlatlardan andoza olishimiz foydadan holi emas deb o‘ylaymiz.
Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq, sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Negaki, aynan sud jarayonida shaxslarning sodir etgan qilmishida jinoyat tarkibi bor yoki yo‘qligi, tomonlarning huquqlari va buzilgan manfaatlarini tiklash, aybsiz shaxsni oqlash, aybdorlarni esa qonunlarda belgilangan ta’sir chorasi yoki jazoga tortish, xalqning davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud faoliyatiga bo‘lgan ishonchi aynan ushbu jarayonda bilinadi.
Shuning uchun ham O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab sud-huquq tizimida mustaqillikni ta’minlash, ularning faoliyatiga har qanday aralashuvlarning oldini olish, ularning faoliyatida faqatgina qonun ustuvorligi tamoyiliga amal qilish masalalariga atroflicha e’tibor berib kelinmoqda.
Ushbu islohotlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi PF-6034-sonli «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu qabul qilingan Farmon va bir qancha qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar natijasi o‘laroq, mustaqillik prinsipi sudlarga huquq beradi va shu bilan birga ulardan sud muhokamasini adolatli o‘tkazishni, sud jarayonida qabul qilinayotgan qarorlarning odilona bo‘lishi hamda taraflarning huquqlariga rioya qilishni talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish lozimligi maqsadi qilib quyildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinishi:
viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish; [OKOZ:1.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.02.00.00 Sud tizimi / 17.02.06.00 Qoraqalpog‘iston Respublikasining xo‘jalik sudi]
ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi;
Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdarg‘om tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish;
fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut, So‘x, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqal’a tumanlari sudlarini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hay’atining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berish kabi masalalar nazarda tutildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritish vazifalari belgilab berildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Farmonda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq nizolarni hal etish masalalari ham o‘z ifodasini topdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibini (keyingi o‘rinlarda — Sudlov tarkibi) tuzish haqidagi taklifi ma’qullansin.
Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda — yirik investorlar) va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berilishi va unda investitsiyaviy nizolar bo‘yicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar bo‘yicha taraflarning xohishiga ko‘ra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi;
qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi mumkinligi belgilandi.
Bundan tashqari, Farmonda yangi tahrirdagi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ushbu qonun loyihasida sudlarning tuzilishi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlarining, Rayosatining, Plenumining vakolatlari doirasi;
sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarga nisbatan qo‘yiladigan talablar;
sudyalar, sud raislari va rais o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi;
sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish;
sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘zg‘atilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish tartibi;
sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi;
sudyalarning moddiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoya qilish choralari ham berilishi nazarda tutildi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalarning ustuvorligini tan olgan holda hamda unga og‘ishmay amal qilayotgan demokratik davlatlar yo‘lidan borayotgan O‘zbekistonda yashar ekanmiz, dunyo tajribasini chuqur anglash va rivojlangan xorijiy mamlakatlarning amaliyotini qo‘llashni davrning o‘zi talab etadi. Bu orqali biz davlat va jamiyat hayotini erkinlashtirish, inson va fuqarolar huquq hamda erkinliklarining kafolatlari mexanizmini yaratish borasida jahondagi yetakchi davlatlardan andoza olishimiz foydadan holi emas deb o‘ylaymiz.
Xorijiy mamlakatlar sud amaliyotiga ko‘ra, jumladan, Germaniya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining oltinchi bo‘limi normalariga ko‘ra, prokuror jinoyat ishini sudda ko‘rishning barcha bosqichlarida ishtirok etadi va shaxsning aybini yo‘qligi isbotlash majburiyatini oladi.
Deyarli barcha mamlakatlarda prokuratura jinoiy va fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqishda qatnashish orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Shuning yordamida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiyaning 6-moddasi amal qilishini ta’minlaydi. Unda ko‘rsatilishicha, har bir shaxs uning fuqarolik huquq va majburiyatlarini belgilashda yoki unga e’lon qilingan har qanday jinoiy ayblovni ko‘rib chiqishda ishning oqilona muddat ichida mustaqil va xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqiga ega.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirish fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgandir.
Nargiza Rahimjonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi