“Suddan da’vomni ko‘rmasdan qoldirishni so‘rayman...”
Negaki, da’vo degani bu nizo degani, jamiyatda nizo kam bo‘lgani, iloji bo‘lsa bo‘lmagani yaxshi...
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar tumanlararo sudlari tomonidan 2020 yil yakunlari bo‘yicha jami 33 567 ta fuqarolik ishlar (nizolar)i ko‘rib chiqilib tamomlangan.
Mazkur ishlardan 29 863 ta fuqarolik ishi yuzasidan sud hal qiluv qarorlari qabul qilingan 833 ta fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatilgan. 2871 ta fuqarolik ishi esa, ko‘rmasdan qoldirilgan.
Avvalo shuni eslab olaylik. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 122-moddasiga ko‘ra, quyidagi hollarda sudga berilgan (da’vo) ariza ko‘rmasdan qoldiriladi, agar:
1) ariza muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;
2) manfaatdor shaxs nomidan ariza ish yuritishga vakolati bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;
3) fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning, iqtisodiy sudning yoki hakamlik sudining ish yurituvida ayni bir taraflar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa;
4) taraflar o‘rtasida ushbu nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish to‘g‘risida hakamlik bitimi tuzilgan bo‘lsa;
5) ishni o‘zining ishtirokisiz muhokama qilishni iltimos qilmagan taraflar ikkinchi chaqiruv bo‘yicha ham uzrli sabablarsiz sudga kelmasa, sud esa ishga oid mavjud materiallar asosida ishni hal qilish mumkin emas, deb hisoblasa;
6) ishni o‘zining ishtirokisiz muhokama qilishni iltimos qilmagan da’vogar ikkinchi chaqiruv bo‘yicha sudga kelmasa, javobgar esa ishni mazmunan ko‘rishni talab qilmasa;
7) alohida tartibda yuritiladigan ishni muhokama qilish vaqtida sudga taalluqli huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqsa;
8) xotini homilador bo‘lgan vaqtda yoki bola tug‘ilganidan keyin bir yil davomida er xotinining roziligisiz nikohni bekor qilish to‘g‘risida da’vo taqdim etgan bo‘lsa;
9) da’vogar tomonidan arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ariza berilgan bo‘lsa;
10) da’vogar tomonidan nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilinmagan, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;
10-1) da’vogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etmagan bo‘lsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;
10-2) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish haqida iltimosnoma bilan arz qilgan taraflar uni amalga oshirish muddati tugaganidan so‘ng sud majlisiga uzrli sabablarsiz kelmasa;
10-3) taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa;
11) mol-mulkni (ashyoni) egasiz deb topish to‘g‘risidagi ariza qonunda belgilangan muddatdan oldin yoki egasiz mol-mulkni (ashyoni) aniqlash va hisobga olishning qonunda nazarda tutilgan tartibi buzilgan holda berilgan bo‘lsa.
Demak, ushbu maqolada aynan shu 2871 raqam (son)i va shu raqamning ahamiyati, uning atrofidagi gap-so‘zlar va bu boradagi amaliyot takomillashtirish haqida gaplashamiz.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha Toshkent shahar tumanlararo sudlaridagi jami ishlarning 2871 tasi, ya’ni sal kam 9 % foizi bo‘yicha fuqarolik ishlar ko‘rmasdan qoldirilgan.
Ana shu ko‘rmasdan qoldirilgan 2871 ta ishlarning 1952 tasini da’vogar tomonidan berilgan ishni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi arizaga asosan ko‘rmasdan qoldirilgan ishlar tashkil etadi.
Demak, jami ko‘rmasdan qoldirilgan ishlarning 68 % foizida da’vogarlar arizani ko‘rmasdan qoldirishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar tumanlararo sudlarida 2020 yil yakunlari bo‘yicha da’vogar tomonidan arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida arizaga asosan (da’vomni ko‘rmasdan qoldirishni so‘rayman) ko‘rmasdan qoldirilgan ishlar soni ortgan. Masalan: bunday ishlar 2019 yildagiga nisbatan 2020 yilda 635 taga ortgan. Bilmadim bu yutuqmi yo kamchilik, xullas, bu borada turlicha fikrlar bor...
Kim nima desa deyaversin-u, ammo men uchun ko‘rmasdan qoldirish yuzasidan da’vogar tomonidan berilgan arizalar kelishuvga, kechirimga yo shunga o‘xshash tushunchalarga tengdir.
Nega? Chunki, bunday holda da’vogar nizodan kechadi, ya’ni suddan ishni ko‘rmaslikni so‘raydi. To‘g‘ri buni o‘ziga yarasha asoslar, omillari va sabablari bor, endi bu keng mavzu...
Biz o‘rtaga tashlamoqchi bo‘lgan masala esa, boshqa ya’ni bu toifa ishlarda davlat boji masalasida bir fikrga kelishdir.
Olaylik, kreditor – bu bank, boshqa moliya muassasasi yoki qarz bergan oddiy bir fuqaro, sudga qarzni undirishga da’vo kiritdi deylik, shu orada fuqarolik ishi qo‘zg‘atilgandan keyin javobgar tomon qarzdorlik qopladi yo boshqa bir chora ko‘rildi, balki ko‘rilmadi, nima bo‘lganda ham da’vogar esa, o‘z da’vosini ko‘rmasdan qoldirishni suddan so‘radi. Aynan shu masalada ikki xil yondashuv bor. Bu yondashuvlar kecha-bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Anchadan beri bor.
Biri davlat boji undirilishi kerak desa... ikkinchisi davlat boji undirilmasligi lozim, chunki, ish sud tomonidan mazmunan ko‘rilmadi-ku deydi.
Men esa, ikkinchi tomondaman... qarzdorlikmi, boshqa nizomi ish sudda mazmunan ko‘rib chiqilmasdan turib, ko‘rmasdan qoldirildimi, demak, davlat boji undirilmasligi kerak.
Odil sudlovning maqsad va vazifalardan biri ham qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashga, demokratiyani, ijtimoiy adolatni, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va milliy totuvlikni ta’minlashga ko‘maklashish; qonunga va sudga nisbatan hurmat munosabatini shakllantirishdan iborat.
Bu mavzuda sudga hurmat munosabatini shakllantirish shundan iboratki, sud ishni mazmunan ko‘rmay turib, ko‘rmasdan qoldirganligi uchun davlat boji undirmaydi. Davlat boji bo‘yicha hisob so‘rovchilarga ham shunday javob beradi.
Zero, davlat hokimiyatining birdan bir manbai xalq sud esa, davlat hokimiyatining bir bo‘g‘ini sifatida sud hokimiyatini yuritib, odil sudlovni ta’minlashi hamda ushbu munozarali masala, ikki xil yondashuvda, odil sudlovning yagona pozitsiyasi ish sudda mazmunan ko‘rilmadimi, tamom... davlat boji ham undirilmasligidan iborat bo‘lishi darkor.
Shu asosda, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining shu sohaga oid tegishli qarorida ikkinchi yondashuv o‘zining aniq ifodasini topish maqsadga muvofiq.
Nuriddin Murodov,
sudya