Sudanda 7 million odam uyini tark etgan
Sudanda davom etayotgan qurolli mojaro tufayli jami 7 million kishi uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, deb yozdi “Anadolu”.
BMT qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi ma’lum qilishicha, poytaxt Xartumda 15 aprel kuni mamlakat armiyasi va Tezkor harakat kuchlari (THK) o‘rtasida boshlangan urush boshqa viloyatlarga ham tarqalgan. Hukumat xalqaro hamjamiyatni THKni “terrorchi guruh” sifatida e’lon qilishga chaqirgan.
– O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga va tomonlarga xalqaro miqyosda bosim o‘tkazilayotganiga qaramay, xunrezlik to‘xtagani yo‘q, – deyilgan xabarda. – Mamlakat g‘arbi va janubi-g‘arbidagi to‘qqiz viloyatda ham to‘qnashuv davom etyapti.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning 25 million fuqarosi, ya’ni aholining yarmi insonparvarlik yordamiga muhtoj. Armiya va Xalq ozodlik armiyasi o‘rtasidagi jang tufayli 10 mingdan ko‘p begunoh odam halok bo‘ldi, minglab insonlar jarohatlandi. Xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni to‘xtatishga urinishi o‘zaro ayblov va ilgari surilgan shartlar bo‘yicha tomonlar kelisha olmagani uchun muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
“Kazinform” axborotida muzokara doirasida oxirgi marta 7 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Jidda shahrida uchrashuv o‘tkazilgani yozilgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA