Sud va notariuslar hamkorligi mustahkamlanmoqda
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish — har qanday demokratik davlatning asosiy qadriyatidir.
Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlarni amalda ta’minlashda sud va notariat tizimlari muhim o‘rin tutadi. Ular fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, adolatni qaror toptirish hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda bir-birini to‘ldiruvchi muhim tizim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Notarial palatasi o‘rtasida 2025 yil 4 sentyabr kuni imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv bu yo‘nalishdagi hamjihatlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Hujjatning asosiy maqsadi — sud va notariuslar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, amaliyotda uchrayotgan muammolarni tahlil qilish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Mazkur Kelishuv ijrosini ta’minlash doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida “Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashda sud va notariatning hamkorligi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari A.Kerimbayev, Notarial palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Z.Yaxipov, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar hamda xususiy amaliyotdagi notariuslar ishtirok etishdi.

Tadbirda sud va notariat tizimlarining o‘zaro hamkorligi fuqarolarning huquqlarini samarali himoya qilishda qanday o‘rin tutayotgani haqida fikr almashildi. Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan erkinlik, tenglik va bag‘rikenglik tamoyillari, mulk huquqining daxlsizligi, meros huquqini rasmiylashtirish, uy-joydan foydalanish huquqlari kabi masalalarda amaliy misollar asosida muhokamalar olib borildi.
Aniq taklif sifatida notarial jarayonlarni raqamlashtirish, fuqarolar uchun elektron xizmatlar doirasini kengaytirish hamda sud-notorius hamkorligini yagona axborot tizimi asosida tashkil etish masalalari ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Muhokamalar davomida sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlayotgani ta’kidlandi.
Tadbir so‘nggida kelgusida bu kabi muloqot va hamkorlik maydonlarini muntazam tashkil etish, qonunchilik va amaliy ish tajribasidagi muammolarni birgalikda hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA