Sud tizimi: sarhisob va amaliy jarayon
Andijonda viloyat sudlarining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Viloyat sudlari mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, davlat, jamoat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan anjumanda viloyat Jinoyat, Fuqarolik ishlari bo‘yicha, shuningdek, Iqtisodiy va Ma’muriy sudlar tomonidan joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Anjumanda Andijon viloyati sudi raisi Tal’atbek Meliboyev tomonidan mamlakatimiz sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sudlar faoliyati sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarilganligi, qolaversa, sudlarga tashrif byuruvchilar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilganligi, sud binolari zamonaviy moddiy-texnik vositalar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanayotganligi, shuningdek, sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish uchun zarur imkoniyatlar yaratilganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda sud ishlarini ko‘rishda sud binolariga o‘rnatilgan internet tarmoqlaridan kengroq foydalanish, ishlarni ko‘rishni yanada soddalashtirish, fuqarolarga qulayliklar yaratish hamda IIB inspektorlari vaqti behuda sarflanishining oldini olish maqsadida viloyat IIB bilan integratsiya qilingan internet tarmog‘i orqali ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni masofadan turib “TE Desktop” elektron dasturi orqali onlayn tarzida ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi. Hozirgi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar, Andijon, Buloqboshi va Marhamat tuman sudlari tomonidan ushbu toifadagi ishlar masofadan turib ko‘rib chiqilmoqda.
– Viloyat iqtisodiy sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va tadbirkorlarning o‘z vaqtida soliq qarzlarining to‘lamaganligi, savdo qoidalarini buzish, shartnoma shartlari va talablariga amal qilmaslik, bankrotlik bilan bog‘liq 4 ming 407 ta ish ko‘rib chiqildi, – deydi Andijon viloyat sudining o‘rinbosari Shoyadbek Mirzayev. – Ko‘rilgan ishlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 ming 86 taga ortgan. Bundan tashqari, 1 ming 972 iqtisodiy sudlarga oid ishlar, jami ishlarning 58,3 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. Ko‘rilgan ishlarda qonun ustuvorligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini amaldagi qonunlar doirasida himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rilgan iqtisodiy ishlar o‘tgan yilning mos davri bilan taqqsolanganda, oldi-sotdi shartnomasi yuzasidan nizolar 50 taga, mahsulot yetkazib berish bo‘yicha ishlar 168 taga, kontraktatsiya shartnomasi bo‘yicha ishlar 391 taga, pudrat shartnomasi yuzasidan nizolar 32 taga, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi yuzasidan nizolar 59 taga, kredit shartnomasi yuzasidan ishlar 239 taga va moliyaviy sanksiya qo‘llash 167 taga oshgan bo‘lsa, ijara shartnomasi yuzasidan nizolar 6 taga, yerga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizolar 25 taga, bankrot deb topish bilan bog‘liq ishlar 552 taga hamda korporativ nizolar 3 taga kamaygan.
Joriy yilning birinchi yarmida tadbirkorlar va yuridik shaxslar tomonidan iqtisodiy sudlarga 245 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 167 tasi sayyor va shaxsiy qabullarda, 54 tasi Prezidentning Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasi orqali, 24 tasi bevosita sudlarga kelgan murojaatlardir. Murojaatlarning 5 tasi qanoatlantirilgan, 1 tasi rad etilgan, 239 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Anjumanda Jinoyat, Fuqarolik va Ma’muriy sudlarning faoliyati yuzasidan ham ishtirokchilarga ma’lumotlar taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga tegishli sudyalardan batafsil javob oldi.
[gallery-3158]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA