Sud raislari sayyor qabul o‘tkazdi
Farg‘ona davlat universitetida Farg‘ona viloyati sudi raisi Shuhrat Kamolov boshchiligida jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari raislari, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi, Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudi hamda Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudlari raislari va sudyalari tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, sayyor qabulga viloyat markazining turli hududlarida istiqomat qiluvchi 46 nafar jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillari jinoyat va huquqbuzarliklar, tadbirkorlik faoliyati, fuqarolik va ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid masalalar bo‘yicha murojaat qilishdi.

Sayyor qabulda sud raislari va sudyalar ishtirokchilarning aynan sudga taalluqli masalalar bo‘yicha murojaatini qabul qilishdi. Ayrim fuqarolarning boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar yoki mahalliy hokimiyat organlariga tegishli murojaatlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berishdi. Qolaversa, fuqarolarga amaldagi qonunlar mazmun-mohiyati, sudga murojaat qilish tartibi hamda ularni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq asosiy ma’lumotlar jamlangan ko‘rgazmali materiallar ham tarqatildi.
Akmaljon RAHIMOV,
Farg‘ona tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi