Sud qarorlari: amaliyot va ijro
Hozirda yurtimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biroq yaratib berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanmasdan, olingan kreditni o‘z vaqtida qaytarishni xayoliga ham keltirmayotgan tadbirkorlar ham uchrab turibdi.
Jumladan, “G.G.H.S.” MCHJ “Ipak yo‘li” AITB Navoiy filialidan olgan 513,5 million so‘m kreditni o‘z vaqtida qaytarmagan. Natijada bank tomonidan tadbirkordan qarzni undirish yuzasidan sudga murojaat qilingan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2021 yil 7 mayda qarzdordan 513,5 million so‘m kredit mablag‘ini bank foydasiga undirish, undiruv Navoiy shahar hududida joylashgan “Maishiy xizmat ko‘rsatish binosi”ga qaratilishi to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Navoiy shahar bo‘limi tomonidan ijroga qabul qilingan.
– Davlat ijrochilari tomonidan qarzdor bir necha bor rasmiy ogohlantirilsada, sud qarori ijrosi o‘z vaqtida bajarilmagan, – deydi MIB Navoiy shahar bo‘limi davlat ijrochisi Zafar Rizayev. – Olib borilgan ijro harakatlari natijasida garov mulki hisoblangan “Maishiy xizmat ko‘rsatish binosi” xatlanib, auksion savdolariga chiqarilgan. Auksion savdosida esa mulk 900 million so‘mga sotilib, kredit qarzdorligi to‘liq undirilgan. Qolgan pul mablag‘lar garov egasiga qaytarilgan.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosining Navoiy shahar bo‘limi tomonidan “N.A” aksionerlik jamiyatidan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi foydasiga 328,8 million so‘m undirildi.
– O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunining 23-moddasida chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari undirish tartibi belgilangan, – deydi bo‘lim davlat ijrochisi Mirjalol Habibov. – Navoiy viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2021 yil 27 iyulda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi foydasiga 328,8 million so‘m aksionerlik jamiyati hisobidan kompensatsiya to‘lovi undirish haqida qaror qabul qilgan. Ijroga qabul qilingan sud qarori yuzasidan davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harkatlari davomida qarzdor jamiyat rahbarlari rasmiy ogohlantirilib, sud qarori ijrosi o‘z vaqtida bajarilmasa, majburiy ijro choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirilgan.
Natijada, qarzdorlik jamiyat hisobidan to‘liq undirib olingan. Ijro hujjati esa “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonununing 41-moddasiga asosan ish yurituvi tamomlangan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA