Sud-huquq islohotlariga yangicha qarash...
Ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali maʼmuriy odil sudlov tizimini yaratish vazifasi belgilandi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda odil sudlov tizimini yana-da takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqqanligi ayni haqiqat, xususan, oqlov institutining haqiqatda ishlab ketganligi, ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻrniga muqobil jazo choralarini tayinlash, milliy qonunchilik normalarini xalqaro standartlarga konvergensiya qilish mexanizmlarining takomillashtirilganligi hamda odil sudlov soʻzsiz amal qilishi lozim boʻlgan qonuniylik prinsipi taʼminlanganligini eʼtirof etmasdan ilojimiz yoʻq.
Lekin bugungi kunda ham sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi, sudda taraflar tengligining yetarli darajada taʼminlanmaganligi, prokuror vakolatlarining muvofiqlashtirilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Ushbu vazifalar ijrosi umuman, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomi sifatida hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida joriy yilning 24-iyul kunida mamlakatimiz rahbari tomonidan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.
Ushbu farmonda belgilangan ustuvor vazifalar mamlakatimizda sud-huquq sohasida yangi davrni boshlab beradi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Jumladan, bugungi kunda viloyat sudlarining amaldagi tuzilmasi amaliyotida yagona sud amaliyotini shakllantirilmaganligi, sudlarning tarqoq boʻlganligi sababli fuqarolar va tadbirkorlarning sarson boʻlishi (masalan; birgina 2019-yilning oʻzida 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorlar sudlardagi sarsongarchiliklarga nisbatan oʻz eʼtirozlarini bildirganligi), xodimlarga haq toʻlash bilan bogʻliq muammolar, shuningdek odil sudlovning taʼminlanganligi yuzasidan Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnining past holatda (xususan, 2020-yilgi Huquq ustuvorligi (The Rule of law index) indeksida 128 ta davlatlar oʻrtasida fuqarolik odil sudlov boʻyicha - 72-oʻrin, jinoiy odil sudlov boʻyicha - 66 oʻrin) saqlanib qolayotganligi sud tizimi va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish lozimligidan dalolat berib turibdi.
Ushbu holatlarni inobatga olib, farmonda viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish vazifasi belgilandi.
Ushbu ijobiy tajribani qator rivojlangan mamlakatlarda jumladan, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreyada oʻrta boʻgʻin umumyurisdiksiya sudlari yagona sud sifatida faoliyat yuritishini kuzatish mumkin.
Ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali maʼmuriy odil sudlov tizimini yaratish vazifasi belgilandi.
Sababi, bugungi kundagi amaliyotda tuman miqyosida maʼmuriy sudlar, shu tuman hududidagi mahalliy hokimiyat organlaridan toʻla mustaqil faoliyat yuritishida qiyinchiliklarga duch kelayotganligi;
Ish hajmining ortib ketganligi yaʼni, ommaviy-huquqiy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan maʼmuriy sudlarga oʻz tabiatiga koʻra jinoyat ishlariga oʻxshagan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrish yuklatilganligi va natijada ish hajmi (2020-yil 6 oyida 183 ming, 2019-yilda – 412 ming) maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar koʻrilgan, birgina Toshkent shahrida bitta sudyaning oʻrtacha oylik ish hajmi maʼmuriy sudda - 270,6 tani tashkil qilayotganligi) ortib ketganligi va qator boshqa holatlar.
Yuqoridagi muammolarni inobatga olgan holda maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish hamda 203 ta tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini maqbullashtirib, ularning negizida viloyat markazlarida 14 ta tumanlararo maʼmuriy sudlarni tashkil etish vazifalari belgilanganligi xalqaro ekspertlar xususan, BMT rivojlanish dasturi, Germaniya rivojlanish sohasida hamkorlik tashkiloti (GIZ) va Nagoya universiteti ekspertlari tomonidan ijobiy baholandi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladi.
Sud-huquq islohotlari sohasida BMTning maxsus maʼruzachisi D.Garsiya-Sayyan hamda qator boshqa xalqaro ekspertlar tomonidan amaldagi sud tizimida nazorat instansiyasi mavjudligini jiddiy tanqid qilindi. Ushbu taklif va tavsiyalarni inobatga olib sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish taklif etildi.
Shuningdek, bir sudning oʻzida birinchi instansiyada koʻrilgan ishlar, shu sudning oʻzida keyingi instansiya sifatida koʻrilishi (hozirda viloyat sudlari 3 ta (birinchi, apellyatsiya va kassatsiya) instansiyalarida ishlarni koʻrib chiqadi. 2019-yilning oʻzida ayni bir viloyat sudida birinchi va apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasida koʻrilgan ishlarning 13 mingga yaqini Oliy sudda oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan) amaliyotiga barham berish lozimligi belgilandi.
Amaldagi qonunchilikda sudga kelgan jinoyat ishi boʻyicha tergovda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni sud tergovi boshlangunga qadar aniqlash hamda bartaraf etishning samarali mexanizmlari nazarda tutilmagan.
2019-yilda 469 ta ish sudda bir necha oy koʻrilgandan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sud tergovi jarayonida inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanligi tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat sudlarida dastlabki eshituv bosqichini joriy etish belgilandi.
Ushbu turdagi institutlar nafaqat anglo-sakson sud tizimida (AQSH, Buyuk Britaniya va h.q.), balki, romano-german sud tizimida (Germaniya, Fransiya va h.k), shu jumladan MDH mamlakatlarida (Rossiya, Qozogʻiston va h.k.) joriy etilgan hamda samarali faoliyat yuritmoqda.
Taʼkidlab oʻtish joizki, bugungi kunda sudlarda taraflar tengligini taʼminlash shuningdek, sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini toʻliq taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi qator salbiy omillar saqlanib qolmoqda. Xususan, qonunchilikda prokuror sudda ayblovdan voz kechgan taqdirda sudya qanday qaror qabul qilishi kerakligi belgilanmagan, oxirgi 3 yil davomida prokuror tomonidan biron marotaba ham ayblovdan voz kechilmaganligi, prokuror tomonidan suddan ishni oʻz tashabbusi bilan chaqirib olinishi taraflarning tengligi tamoyili buzilishiga va turli suiisteʼmolliklarga olib kelishi mumkinligi, (masalan, 2019-yilda Margʻilon shahar sudi sudyasi oqlov hukmi chiqargani uchun prokuror tomonidan uning ilgari koʻrgan barcha (100 dan ortiq) ishlari chaqirib olinganligi), prokuror ishtiroki shart boʻlmagan fuqarolar yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar koʻrilishida tanlov asosida qatnashib, taraflar yoki sudga bosim oʻtkazishi mumkinligi, prokurorning faqatgina ayrim toifadagi iqtisodiy va fuqarolik ishlarini sudda koʻrib chiqilishida majburiy ishtirok etishi belgilanganligi hamda qator boshqa holatlar.
Ushbu salbiy holatlarga barham berish maqsadida farmonda prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish, prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan ishni oʻrganish uchun chaqirib olish, prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini chegaralashni nazarda tutuvchi qoidalarni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotida investitsiyalarning oʻrni muhim ahamiyatga egaligi hamda kirib kelayotgan investitsiya hajmining oshayotganligi investorlarning huquqlarini sud himoyasining samarali tizimi yaratilishini taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan, Oliy sud tizimida ixtisoslashtirilgan investitsiyaviy tarkib tashkil etilib, uning zimmasiga yirik investorlarning (20 mln dollardan koʻp investitsiya kiritgan) va davlat organlari oʻrtasidagi investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vazifasi yuklatilishi belgilanganligi mamlakatda biznes muhiti huquqlarini eng oliy darajada himoya qilinishi ifodasi boʻladi desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
Sudyalar va sud xodimlarining moddiy taʼminoti byudjetdan tashqari sud hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasi va byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi xalqaro (BMTning maxsus maʼruzachisi D.Garsiya-Sayyan, Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkiloti) ekspertlari tomonidan salbiy baholandi. Yaʼni sudyalar va sud xodimlarining moddiy taʼminoti byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga shakllantirilishi ularning xolisligi va adolatli qarorlar qabul qilishiga salbiy taʼsir oʻtkazadi deb baholanadi.
Farmonda 2020-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi, quyi sud tizimi sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlari ish haqlari va qoʻshimcha toʻlovlarini toʻliqligicha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga oʻtkazilishini hamda ish haqlari miqdorlarini oshirilishi lozimligiga doir ustuvor vazifalar belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu farmon mamlakatimizda odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish hamda odil sudlov jarayonida inson huquq va manfaatlarini himoya qilishning yangi davrini boshlab beradi.
X.Ochilov, TDYU kafedra mudiri,