Sud-huquq islohotlari amalda
60 yoshdan oshgan 2 nafar shaxsga nisbatan 2 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan, shundan 2 nafariga ham ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro tuman sudi tomonidan odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida joriy yilning birinchi yarmida tuman sudida koʻrib tamomlangan jinoyat ishlari 102 nafar shaxsga nisbatan 76 tani tashkil qilgan.
Shundan 81 nafar shaxsga nisbatan 56 ta jinoyat ishi boʻyicha ayblov hukmi chiqarilgan. 21 nafar shaxsga nisbatan 20 ta jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.
– Jami sudlangan 102 nafar shaxsning 6 nafari yoki 6 foiziga jarima,38 nafari yoki 37 foiziga axloq tuzatish ishlari, 25 nafari yoki 25 foiziga ozodlikni cheklash, 7 nafari yoki 7 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanib, 1 nafar shaxsga shartli hukm, 4 nafari jazo tayinlanmasdan sudlangan, – deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro tumani sudi raisi Nozimjon Joʻrayev. – Mazkur davrda tuman sudi tomonidan oqlov hukmi chiqarilmagan. Ushbu davrda voyaga yetmagan 1 nafar shaxsga nisbatan 1 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan boʻlib, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan hukm chiqarilib, jarima jazosi tayinlangan. Qonunga xilof ishlarga qoʻl urgan shaxslar orasida ayollar borligi achinarlidir. Joriy yilda hudud boʻyicha 9 nafar ayollarga nisbatan 8 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan boʻlib, barcha jinoyat ishlari boʻyicha ayblov hukmi chiqarilgan.
60 yoshdan oshgan 2 nafar shaxsga nisbatan 2 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan, shundan 2 nafariga ham ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
2020-yilning birinchi yarmida koʻrilgan jinoyat ishlari tahlil qilinganda tumanda firibgarlik (Jinoyat kodeksi 168-moddasi), transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksi 266-moddasi), tegishli ruxsatnomasiz oʻqotar qurol, shuningdek oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini tayyorlash, saqlash (Jinoyat kodeksi 248-moddasi), taʼqiqlangan giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda ekish (Jinoyat kodeksi 270-moddasi) jinoyatlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oshganligi kuzatilmoqda.
Tuman sudi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 42 nafar shaxsga nisbatan surunkali alkogolizmdan majburiy davolanishga yuborish, 40 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatish toʻgʻrisidagi, 59 nafar shaxsga nisbatan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, 12 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi materiallar koʻrib chiqilgan va qonun doirasida hal etilgan.
Koʻrilgan materiallar tahlili oʻtgan yilning shu davriga nisbatan surunkali alkogolizmdan majburiy davolanishga yuborish toʻgʻrisidagi materiallar 2019-yilning shu davriga nisbatan 19 taga oshganligini koʻrsatmoqda.
Joylarda oʻtkazilayotgan sayyor sud majlislari ham oʻz kutilgan natijasini beryapti. 2020-yilning birinchi yarmida tuman sudi tomonidan jami 76 ta jinoyat ishidan 16 tasi sayyor sud majlislarida koʻrib chiqilgan.
Ushbu davrda jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish toʻgʻrisida 55 ta yoki ishlarning 72 foizi boʻyicha xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Sudlarning jamoatchilik bilan aloqalarini kuchaytirish hamda sudlar faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida qonun hujjatlarida sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarni sud yoʻli bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati toʻgʻrisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga sud raislari tomonidan tegishli axborotlarni taqdim etilishi belgilangan. Mazkur amaliyotni joriy etish maqsadida yaqinda oʻtkazilgan xalq deputatlari Buxoro tuman kengashining navbatdagi sessiyasida berilgan hisobot deputatlar tomonidan maʼqullandi. Jamoatchilik bilan qilinadigan ishlar belgilab olindi.