Sud ekspertizasi tahlillarida aniqlik muhim
So‘nggi yillarda barcha sohalar qatori sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Sababi, sud ekspertizalarining samaradorligini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali, odil sudlovni ta’minlashga erishilmoqda. Bu borada X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi samarali xizmat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda markazda 11 ta sud ekspertiza tadqiqotlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan bo‘lim va laboratoriyalar hamda viloyatlarda 12 ta hududiy bo‘lim, Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat olib bormoqda.
2019 yilda markaz barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy binoga joylashtirildi. Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilib, hozirda 4 ta nodavlat sud ekspertiza tashkilotida 25 nafardan ortiq nodavlat sud ekspertlari faoliyat olib bormoqda.
Markazda sud ekspertlarining malakasi va huquqiy bilimlarini zamon talablari darajasida oshirish maqsadida o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv markazida barcha davlat sud ekspertiza muassasalari ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish hamda yangi tashkil etilayotgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini ham qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur sohani yanada rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 iyul kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va uni ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 – 2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Bunda sohadagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi hamkorlikda ishlab chiqilib, tegishli ravishda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Shuningdek, yuqoridagi farmon asosida respublikamiz tarixida ilk marotaba X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati tashkil etildi.
Institut tashkil etilishi bilan markaz huzurida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengash tuzildi. Ushbu Ilmiy kengashda “Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi” ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazishga ruxsat berildi.
Shu bilan birga, farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan Hukumat qarori bilan davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan 51 turdagi sud ekspertizasi tadqiqotlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim prinsipi bo‘yicha sud ekspert kadrlarni qayta tayyorlash tartibi belgilandi.
Farmon ijrosi yuzasidan 2022 yilning 3 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan mamlakatimizda ilk bor iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish uchun davlat va nodavlat sud-ekspertiza muassasalarida shartnoma asosida advokat so‘rovi bilan ekspertiza o‘tkazish tashabbusi huquqi berildi. Bu o‘z navbatida sudda tortishuv instituti to‘laqonli ta’minlanishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Fuqarolarimiz hamda sud-tergov organlarining sud ekspertiza xulosalariga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida keyingi 3 yilda 10 ta yangi ekspertiza turlari joriy qilinib, markazda amalga oshiriladigan ekspertiza turlari 44 tadan 54 taga, mutaxassislik yo‘nalishlari esa 73 taga yetkazildi.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va sud ekspertiza muassasalarining o‘zaro hujjat aylanishida va uning xavfsizligini ta’minlashda ijobiy samara beradi.
Markaz laboratoriyalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida laboratoriyalar ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga muvofiq akkreditatsiya qilinib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi. Hozirda yangi tashkil etilgan “Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi bo‘limi”ni ham ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur akkreditatsiya markazga tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida bajarish imkonini beradi hamda mazkur laboratoriyalar tomonidan berilgan xulosalarning xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishi, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini nafaqat mamlakatimiz hududida, balki xalqaro sudlarda ham ishonchli himoya qilinishiga hamda odil sudlov ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA