Stiven Jerrard JCh-2026 borasidagi o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashdi
U musobaqaning individual mukofotlariga loyiq ko‘rilishi mumkin bo'lgan futbolchilarni sanab o‘tdi, shuningdek, Argentina va Fransiya terma jamoalarini turnirning bosh da’vogarlari sifatida e’tirof etdi.
"Liverpul" klubi va Angliya milliy terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Stiven Jerrard jahon chempionati oldidan bir qator qiziqarli taxminlarni bildirdi. U musobaqaning individual mukofotlariga loyiq ko‘rilishi mumkin bo'lgan futbolchilarni sanab o‘tdi, shuningdek, Argentina va Fransiya terma jamoalarini turnirning bosh da’vogarlari sifatida e’tirof etdi.
Jerrardning JCh-2026 va yilning eng yaxshilari borasidagi taxminlari quyidagicha ko‘rinish oldi:
Turnirning eng yaxshi to‘purari (Oltin butsa): Xulian Alvares (Argentina).
Turnirning eng yaxshi darvozaboni (Oltin qo‘lqop): Emiliano Martines (Argentina).
Turnirning eng yaxshi futbolchisi (Oltin to‘p): "O‘ylaymanki, bu mukofotni yana Messi qo‘lga kiritadi".
Turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi: Lamin Yamal (Ispaniya).
Turnirning asosiy kashfiyoti: "Menimcha, Janubiy Amerika terma jamoalaridan biri, masalan, Urugvay bo‘ladi".
Jahon chempionligini kim qo‘lga kiritadi?: "Fransiya yoki Argentina. Agar ulardan birini tanlashga majbur qilsangiz, men Fransiyani tanlagan bo‘lardim".
Mavsum yakunida "Oltin to'p" (Ballon d'Or) mukofotini kim oladi?: "Harri Keyn oladi deb umid qilaman", — dedi Jerrard.