Statistika agentligi xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi
Statistika agentligi markaziy apparatida “Central Asia Certification” sertifikatlash tashkilotining xalqaro auditorlari tomonidan agentlik faoliyatining xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan xalqaro sertifikatlash auditi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 4 martdagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan audit yakunlari bo‘yicha xalqaro sertifikat taqdim etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Buning natijasida Statistika agentligining statistika faoliyati, shu jumladan, rasmiy statistikani tayyorlash va tarqatish faoliyati “ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi” xalqaro sertifikatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Shu munosabat bilan Statistika agentligida sifat menejmenti tizimini joriy qilgani bo‘yicha ISO 9001 xalqaro sertifikatini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sertifikatni “Central Asia Certification” MCHJ direktori Xalida Muhamedova tantanali ravishda Statistika agentligi direktoriga topshirdi.
Ma’lumki, “ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi” dunyodagi eng mashhur xalqaro standart bo‘lib, dunyo bo‘ylab 180 mamlakatdagi milliondan ortiq tashkilotlarni sertifikatlashtirgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA