Standart talablariga javob bermaydigan atir mahsulotlari savdodan chiqarilmoqda
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda bozorga xavfsiz va sifatli mahsulotlar chiqarilishini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda.
Navbatdagi tekshiruvlarda Toshkent viloyatida sotuvda bo‘lgan ayrim atir mahsulotlari belgilangan texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent viloyati hududiy bo‘limi tomonidan savdo shoxobchalarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida realizatsiya qilinayotgan 8 turdagi atir mahsulotidan namunalar tanlab olinib, ularning xavfsizlik ko‘rsatkichlari hamda amaldagi texnik talablarga muvofiqligi laboratoriya sinovlari orqali o‘rganildi
Jumladan, “Infinite Love” nomli atir mahsulotidan olingan namunalar laboratoriya tahlillaridan o‘tkazildi. Tahlillar natijasiga ko‘ra, Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi Sh. Rashidov ko‘chasida ro‘yxatdan o‘tgan “SEANS MEAN” MCHJ tomonidan import qilingan mazkur mahsulot belgilangan standart talablariga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, mahsulot tarkibida etil spirtining massa ulushi me’yoriy talablarga nomuvofiq ekani qayd etildi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan savdo sub’ektlariga ogohlantirish xatlari yuborildi. Shuningdek, mazkur mahsulotlarni savdodan chiqarish va ularning realizatsiyasini to‘xtatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.