Sportchi xotin-qizlar taqdirlandi
Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan Chiroqchi tumanida “Jismoniy va ruhiy barkamollik sari!” shiori ostida sogʻlomlashtirish aksiyasi oʻtkazildi
Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan Chiroqchi tumanida “Jismoniy va ruhiy barkamollik sari!” shiori ostida sogʻlomlashtirish aksiyasi oʻtkazildi.
Tadbir ayollar orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va zararli odatlardan asrash, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport faoliyatini samarali tashkil etish tizimini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida bepul tibbiy koʻrik tashkil qilindi. Ishtirokchi xotin-qizlar 7 yoshdan 45 yoshgacha hamda undan yuqori yosh toifalariga boʻlinib, marafon yugurish, kurash, voleybol, stol tennisi, arqon tortish kabi musobaqalarda bellashdi. Shuningdek shaxmat-shashka oʻyinlari ham tashkil qilindi.
– Bellashuvlarda kurash boʻyicha faxrli 1-oʻringa munosib koʻrildim, – dedi M.Saydullayeva. – Eng asosiysi, bugungi tadbirning juda koʻtarinki ruhda oʻtganidir. Ishonamanki, bunday bellashuvlarni doimo oʻtkazib borish har jihatdan ahamiyatli. Boisi ayollarni ham ommaviy sport turlariga jalb etish, sogʻlom avlodning shakllanishida muhim omil boʻladi.
Tadbir soʻngida sogʻlomlashtirish aksiyasida yuqori oʻrinni egallagan va faol ishtirok etgan barcha xotin-qizlarga tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari taqdim etildi.