Sport sohasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi
Har bir soha rivoji islohotlarning samarali olib borilishiga va kelgusi rejalarning belgilangan tartibda hayotga tatbiq qilinishiga bog‘liq.
Sport vazirligi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasi hamda 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan musobaqalar mundarijasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sport vazirligi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasiga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgarishlar, joriy yilda mamlakatimiz va xorijda o‘tadigan xalqaro musobaqalar loyihasi ko‘rib chiqildi. Har bir masala xususida mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
Muhokamalar jarayonida jismoniy tarbiya va sport sohasida shaffoflikni ta’minlash, xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar, terma jamoalarga zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon sport maydonlarida O‘zbekiston nomini ulug‘lash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan ommaviy sport musobaqalari orqali mahoratli sportchilarni aniqlash tizimidagi islohotlar, malakali murabbiy va mutaxassislarning tajribasini keng yoyish kabi mavzular tahlil qilindi.
Mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA