Sport sohasida gender tenglik: muammo va yechimlar
Mamlakatimizda xotin-qizlarning 60 foizi jismoniy tarbiya va ommaviy sport tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Sport maktablarida muntazam sport bilan shug‘ullanuvchi 569 ming shaxsning 158 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Milliy terma jamoa tarkibiga jalb etilgan xotin-qizlar ulushi esa 2022-2023 yilga nisbatan 2024 yilda 32 foizga oshgan.
Poytaxtimizdagi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida “Sport sohasida gender tenglik: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan anjumanda shu haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, sportchilar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sport sohasi, ayniqsa, xotin-qizlarni sportga jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z bordi. Xususan, Sport vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasi asosida xotin-qizlarni jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari va ommaviy sport tadbirlariga keng jalb etishga qaratilgan qo‘shma qaror tasdiqlanganligi hamda “Namangan tajribasini yaratish” asosida mavjud sport inshootlarida mashg‘ulotlardan tashqari vaqtda xotin-qizlar uchun gimnastika, yoga, fitnes va ayollar salomatligiga qaratilgan bepul mashg‘ulotlar tizimi yo‘lga qo‘yilganligi sohada olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasi sifatida qayd etildi.
[gallery-24065]
– O‘tgan yili Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan ayol sportchilarimiz 3 ta oltin, 8 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani tariximizdagi eng yuqori natijalardan biri bo‘ldi, - dedi tadbirda so‘z olgan sport vaziri Adham Ikromov. – Quvonarlisi, so‘nggi yillarda Osiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar qatorida xotin-qizlarimizning ulushi sezilarli darajada ortmoqda. Jumladan, 2018 yili Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan 21 ta oltin medaldan 4 tasini ayol sportchilar egallagan bo‘lsa, Xanchjou–2022 yozgi Osiyo o‘yinlaridagi 22 ta oltin medaldan 10 tasi ayollar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Konferensiyada sport sohasida gender tenglikni ta’minlash, bunda mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Ta’kidlanishicha, sport turlari bo‘yicha xotin-qizlarning xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash maqsadida hududlarda ayol sportchilar orasida tizimli seleksiya ishlari olib borilayotgan bo‘lib, kuchlilar milliy terma jamoa safiga saralab olinmoqda.
Olis va chekka hududlarda ayol trenerlarning oylik maoshiga qo‘shimcha ravishda 15 foiz ustama haq to‘lab berilayotir. Bu ayol murabbiylar sonining ortishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, xotin-qizlar sportini rivojlantirish maqsadida, gimnastika sport turi bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi”, “Ayollar spartakiadasi”, “Sport – salomatlik va nafislik manbai”, “Gimnastrada” kabi sport musobaqalari o‘tkazish tizimi samarali yo‘lga qo‘yildi.
Mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Soha vakillarining takliflari tinglandi. Yakunda 18-22 iyun kunlari Bolgariyaning Sofiya shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan milliy terma jamoamiz qizlarining yutug‘i e’tirof etilib, ularga sovg‘a-salomlar topshirildi.
Kamola YUSUPOVA, Oybek PARDAEV (surat)O‘zA