Sport sinovlari barcha uchun
Aholining barcha qatlami o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish, zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida yurtimizda fuqarolardan yosh toifasi bo‘yicha to‘rt yo‘nalishda jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari qabul qilinmoqda.
– Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida yil boshidan buyon viloyatimizda 262 ming nafardan ziyod aholidan sport sinovlari qabul qilindi, – deydi Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Jumladan, mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olinmoqda. Sport sinovlarining ixtiyoriy talablari mahallalardagi infratuzilmasi mavjud sport inshootlarida, maxsus talablari esa tuman va shaharlardagi sport maktablarida qabul qilindi.

Sport sinovlarini topshirgan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyotini joriy etish maqsadida my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajargan ishtirokchilar baholab borilmoqda.
Shu paytgacha viloyatda sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan 376 nafar samarqandlik “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular bir yil mobaynida sport mashg‘ulotlarida qatnashish va boshqa masalalarda bir qator imtiyozlarga ham ega bo‘ldi. Ayni paytda sport sinovlarining joriy yilgi so‘nggi bosqichida idora va tashkilotlar xodimlari jismoniy tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda.
Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, ishchi-xodimlarga qulaylik yaratish va ish unumdorligiga salbiy ta’sir o‘tkazmaslik maqsadida sport sinovlarini dam olish kunlarida va ishdan tashqari vaqtda tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri