Sport – salomatlik omili
Farg‘onada Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida ayollar sport festivali bo‘lib o‘tdi.
Farg‘onada Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida ayollar sport festivali bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda festivalning quyi bosqichlarida g‘olib bo‘lgan to‘rt yuz nafardan ziyod xotin-qiz qatnashdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Tojiyeva va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yuksaltirish, ular o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, “Sog‘lom ona – sog‘lom farzand” tamoyilining hayotga samarali tatbiq etilishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ayollar sportini rivojlantirish, ular salomatligini mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini keng targ‘ib etishga oid bir qator ijtimoiy loyihalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur sport festivalining maqsadi ham mahallalar, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga yaqindan ko‘maklashishdir.
Bugungi kunda viloyat xotin-qizlari barcha sohalarda bo‘lgani kabi sportda ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ayni paytda viloyatda 665 ming 500 ga yaqin xotin-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Viloyat xotin-qizlar ko‘mitasi tomonidan qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ayollarni sportga jalb etish maqsadida “Sport malikasi”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Kamolot malikalari” kabi musobaqalar tashkil etilmoqda.
Festival ishtirokchilari sportning suzish, yengil atletika, gimnastrada, darts, shaxmat-shashka, voleybol, stol tennisi kabi turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
– Ko‘p yillardan buyon o‘qituvchilik kasbida faoliyat yuritib kelmoqdaman, – deydi Dang‘ara tumanidan Odina Otajonova. – Ishdan bo‘sh vaqtlarimda sport bilan muntazam shug‘ullanaman. Tumanimizda ham turli sport majmualari faoliyat ko‘rsatadi va bu biz, ayollarning o‘zimiz istagan sport turi bilan shug‘ullanishimizga imkoniyat yaratadi. Xalqimiz sportning salomatlik uchun nechog‘li ahamiyatli ekanini yaxshi biladi. Shu bois mazkur festivalda katta qiziqish va ishtiyoq bilan qatnashdik.
Sport festivalida uy bekalaridan tortib, hamshira, pedagog, tadbirkor, fermer kabi turli kasb egalari ishtirok etdi. Qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.