Sport: Safina Sa’dullayeva Germaniyada sovrindor bo‘ldi
Germaniyaning Kotbus shahrida yengil atletikaning ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash yo‘nalishi bo‘yicha “International Jump Meeting Cottbus” turniri o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini Safina Sa’dullayeva munosib himoya qilgan holda 1,88 metr natija qayd etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aslida ushbu bahslarda kumush medaliga ega chiqqan italiyalik Idea Peroni ham 1,88 metr balandlikka sakragan edi. Ularning taqsimoti urinishlar hisobi bo‘yicha hisoblandi. Aniqrog‘i, Safina ushbu balandlikni uchinchi urinishda zabt etgan bo‘lsa, Idea birinchi sakrashdayoq o‘z maqsadiga yetdi.
Nufuzli turnirda germaniyalik Kristine Xonsel 1,91 metr balandlikka sakrab oltin medalga ega chiqdi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yil o‘tgan «International Jump Meeting Cottbus» turnirida Safina Sa’dullayeva 1,86 natija bilan uchinchi o‘rindan joy olgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA