Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilandi
Jismoniy tarbiya va sport jamiyat salomatligi, millat salohiyati va mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim sohalardan biri hisoblanadi.
2026-yil 24-martdagi «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonun bilan sohada qanday o‘zgarishlar joriy etildi?
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova shu haqda batafsil ma’lumot berdi:
– Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida mazkur sohani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini hayot me’yoriga aylantirish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni sportga keng jalb etish borasida tizimli va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholining jismoniy faolligini oshirish, sport infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda yuqori malakali sportchilarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Keyingi sakkiz yilda byudjetdan sportga berilayotgan yillik mablag‘ 250 milliard so‘mdan 3 trillion so‘mga oshirilgani sohaga qaratilayotgan e’tiborning yorqin dalilidir.
Mahallalarda, ayniqsa, chekka-chekka qishloqlarda 2 mingga yaqin sport maydonchalari barpo etilib, 2030-yilga borib ularning sonini 5 mingga yetkazish rejalashtirilgan.
Yurtimizda sportni eng quyi bo‘g‘in mahalladan boshlash uchun besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari yo‘lga qo‘yilib, unga 15 million aholi qamrab olindi.
Adaptiv sportga berilayotgan e’tibor tufayli so‘nggi uch yilda parasportchilar soni qariyb 7 karra oshib, 70 mingdan ortiq nogironligi bor shaxslar ommaviy sportga jalb etildi.
Bundan tashqari, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazlari to‘liq zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlandi. Trenerlarning o‘rtacha maoshi 7 barobar ko‘paydi, 250 dan ziyod yirik sport ob’ektlari yangidan qurildi, 100 ga yaqin ob’ekt rekonstruksiya qilindi.
Sohada olib borilgan bu kabi samarali ishlar yurtimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.
Yangi qonun sohadagi tizimli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qonun Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqildi. Qonunni tayyorlash jarayonida qo‘mitamiz a’zolari ham ishchi guruh a’zosi sifatida faol ishtirok etdi va muhokamalarda o‘z takliflarini bildirib bordi.
Amaldagi «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonun (47 modda) 2015-yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga to‘liq javob bermay qoldi. Xususan, keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan tub islohotlar – ommaviy sport, o‘quvchilar va talabalarni sportga jalb qilish, sportchilarni tayyorlash va saralab olish tizimi amaldagi qonunda nazarda tutilmagan. Sport turlarini e’tirof etish, sport federatsiyalarini reyestrga kiritish tartibi, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish kabi masalalar tartibga solinmagan.
Shu kabi zaruratlarga ko‘ra yangi tahrirdagi «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Qonun 8 bob va 65 moddadan iborat.
Qonunda, birinchidan, aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borish belgilandi. Bunda, hozirgi kunda ommalashgan «Besh tashabbus olimpiadasi», «Besh tashabbus paralimpiadasi», sport sinovlari va boshqa ommaviy sport musobaqalarining huquqiy asoslari aks ettirildi.
Davlat organlari o‘z tizimida o‘tkazadigan ommaviy sport musobaqalarini huquqiy tartibga soluvchi normalar kiritildi.
Sport turlarini e’tirof etish va ularning reyestrini yuritish tartibi takomillashtirildi. Xususan, sport turini e’tirof etish uchun u respublikaning kamida 7 hududida rivojlangan bo‘lishi talabi o‘rnatildi.
Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari belgilandi. Yangi normalar sportda adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Sportchilar, trenerlar, hakamlar va tashkilotchilar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinadi. Bunday holatlar uchun javobgarlik belgilangani halol sport g‘oyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Milliy paralimpiya qo‘mitasining huquqiy maqomi va vakolatlari, Paralimpiya, Surdlimpiya, Maxsus olimpiya va Ko‘zi ojizlar sporti faoliyatiga doir masalalar qonun darajasida belgilandi.
Sport federatsiyalarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari, shuningdek, sport klublari va sport ligalarining huquqiy maqomi va faoliyat yuritish tartibi belgilandi.
Bundan tashqari, sport musobaqalarini tashkil etish va boshqarish maqsadida sport ligalari tashkil qilinishi mumkinligi ham qonundan o‘rin oldi.
Trener, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yildi. Bunday yangi normalarning qonunda aks etishi sport sub’ektlari huquq va majburiyatlari aniq belgilanishiga, amaliyotdagi ayrim huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Qonunda Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi belgilandi. Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi takomillashtirildi. Yangi normalar mazmuniga ko‘ra, Milliy antidoping qoidalari Butunjahon antidoping kodeksi asosida tasdiqlash, antidoping qoidalarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan choralar belgilandi. (Diskvalifikatsiya, musobaqadagi natijalarni bekor qilish hamda terma jamoalardan chetlatish kabilar).
Korxona, muassasa va tashkilotlarning, ya’ni ish beruvchilar xodimlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishi ko‘zda tutildi. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat organlarining qo‘shimcha vakolatlari belgilandi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi, Sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining hamda Mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari yanada aniqlashtirildi.
Qonunning yana bir muhim jihati – davlat tomonidan sportchi hamda trenerlarga bir martalik va oylik to‘lov – stipendiya, nafaqa va boshqalar shaklidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etilishi mumkinligi qayd etildi. Ushbu norma davlatning sport sohasida inson kapitaliga ustuvor e’tibor qaratayotganini ifodalaydi hamda sportchilar, trenerlarning mehnatini moddiy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Qonun bilan amaldagi qonunning qirqta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, o‘nga yaqin yangi tushunchalar hamda sohadagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishni nazarda tutuvchi 18 yangi modda qo‘shildi.
Qonun sohani yanada rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etish, amaliyotda mavjud bo‘lgan ayrim noaniqliklar va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kun – 25-martdan kuchga kirdi. Faqat qonunning 24-moddasi to‘rtinchi – yettinchi qismlari, 26, 37-moddalari mazkur qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA