Sport meni hayotga qaytardi
Inson dunyoga kelgan kunidan boshlab unga tasodifiy holatlar nimalardan iborat bo‘lishini bilmaydi. Bu hayotning yozilmagan qonunidir. Shu sabab inson har qanday vaziyatga tayyor turishga o‘zida kuch va irodani shakllantirib bormog‘i lozim.
Buxoro viloyati Vobkent tumani G‘aribshoh mahallasida yashovchi Bunyod Safarov tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelardi. 2022 yili baxtsiz hodisa sabab bir oyog‘idan ayrildi. 26 yoshida nogiron bo‘lishga qaramay o‘zida yashashga ishtiyoq, hayotga sevinch bilan boqishga kuch topa oldi va sportning paralifting turi bilan shug‘ullana boshladi.
Bu sport turida son protezining o‘rni juda muhimdir. Shu sababdan, uning yaroqsiz holga kelib qolgan protezi tuman “Inson” markazi tomonidan zamonaviysiga almashtirib berildi. Endilikda sportchining harakatlanishi, mashg‘ulotlar va musobaqalarga qatnashi yanada osonlashdi.

Oilali, bir nafar farzandning otasi nafaqat sport bilan, balki haydovchilik va chorva mollari tadbirkorligi bilan ham shug‘ullanib keladi. U o‘z mehnati va hayotga bo‘lgan ishonchi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishga arziydi.
– Davlatimizga rahmat, biz nogironlar uchun juda chiroyli tizim yaratib bergan, – deydi Bunyod Safarov. – Har bir muammoni yechishda ijtimoiy xodim bizga ko‘makchi. Doimo bizning holimizdan xabar olib turadi. Bundan juda ham xursandman. Sport bilan shug‘ullanishim hayot sinovini yengishga ko‘mak bermoqda.

G‘aribshoh mahallasida 3442 nafar aholi istiqomat qilib kelayotgan bo‘lib, ularning 40 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Mahalla ijtimoiy xodimi Sevdiyor Xodjamov tashabbusi bilan 10 nafarga yaqin mahalla aholisi adaptiv sport turlariga jalb qilingan. Joriy yilda bu raqamlar yanada oshishi shubhasizdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri