Sport maskanida "Navro‘z sayli"
Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Navro‘z sayli” o‘tkazildi.
Bayramda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov hamda soha mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Adham Ikromov so‘zga chiqib, mazkur markaz mamlakatimizdagi sport maskanlari orasida alohida o‘ringa ega ekanini ta’kidladi. Markaz o‘zining uzoq yillik faoliyati mobaynida ko‘plab chempionlarni tarbiyalab, katta sport olamiga yetaklagan. Hozirda esa yosh iqtidor egalari uchun zamonaviy sharoitlar yaratilib, ularning katta sportga qadam qo‘yishida muhim o‘rin tutayapti.
[gallery-22336]
Tadbir doirasida markaz sportchilari va murabbiylari o‘rtasida “Osh chempionati” tashkil etildi, shuningdek, sportchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Bayram sayli doirasida markazda barpo etilgan bir qator yangi inshootlarning ochilish marosimlari ham bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, markaz hududida 4 qavatli, 300 o‘rinli, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quvchilar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, markazning “Tibbiyot bo‘limi” yangidan barpo etildi va zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Bundan tashqari, 2024 yilda “Open Budget” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobiga 40x20 o‘lchamdagi sun’iy qoplamali ikki zamonaviy futbol maydonchasi hamda "Workout" maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida hozirda 19 ta olimpiya, 2 ta milliy, 1 ta noolimpiya hamda 5 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha 107 nafar trener-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat)
O‘zA