Sport maktabining “Eng yaxshilari” taqdirlandi
Ularda jami 1600 nafardan ziyod yoshlar shugʻullanib keladi. Shundan 523 nafarini qizlar tashkil etadi.
Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi Sport oʻyinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida sportning futbol, voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi, yengil atletika, stol tennisi, tennis, shaxmat, chim ustida xokkey va badminton turlari faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 1600 nafardan ziyod yoshlar shugʻullanib keladi. Shundan 523 nafarini qizlar tashkil etadi.
Bu yerda mashgʻulotlar zamonaviy andozalar asosida, yangi metodikalardan foydalangan holda oʻtkazilayotgani, tez-tez musobaqalar uyushtirilayotgani yosh sportchilarning qobiliyatini yuzaga chiqarishda omil vazifasini oʻtamoqda. Buning samarasi, sport maktabi vakillari nafaqat viloyat birinchiligi va chempionatlarida, xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli musobaqalarda ham gʻolib va sovrindorlar safidan joy olishayotir.

Mazkur dargohda har yili yangi yil bayrami arafasida yil sarhisoblariga bagʻishlab tantanali marosim oʻtkazish anʼanaga aylangan. Unda tarbiyalanuvchilari eng yaxshi natijaga erishgan murabbiy va mutaxassislar munosib taqdirlab boriladi. Tabiiyki, bu gal ham bundan mustasno boʻlmadi.
Urganch shahridagi “Bek” restoranida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Shokir Madaminov qatnashib, sport maktabining joriy yilgi faoliyatiga yuksak baho berdi va mahorat maskaniga 2020-yilda ham ulkan yutuqlar tiladi. Oʻz navbatida sport maktabining bir guruh xodimlarini boshqarmaning diplom va sovgʻalari bilan taqdirladi.
Albatta, bu ragʻbat xorazmlik sportchilarni, ularning ustozlarini yangi marralar sari yetaklashi muqarrar.