Sport — ham dori, ham go‘zallik (+video)
76 yoshni qarshilagan Gulchehra opa Ashurova har kuni ertalab soat 5:00 da o‘zi yashaydigan mahallada skandinavcha yurishni odat qilgan. Asli kasbi shifokor bo‘lgan qahramonimiz nafaqaga chiqqach, biroz to‘lishgan va oqibatda o‘zini yomon his qilayotganini sezib, sport bilan shug‘ullanishga ahd qilgan.
— Ilgari uchinchi qavatga ko‘tarilsam, nafas olishim qiyinlashib, yurak urishim tezlashardi, — deydi Gulchehra Ashurova. — Vaznim 75 kilogrammga ortgach, skandinavcha yurishni mashq qila boshladim. Ayrimlar nega siz hassaga tayanib yurasiz, deb so‘rashadi. Bu hassa emas, sportning skandinavcha yurish turi. Bu sport bilan shug‘ullangan odam yurganida qaddini tik ushlashga harakat qiladi. Odam organizmidagi barcha mushaklarning yaxshi ishlashi uchun yordam beradi. Sport bilan shug‘ullanishni boshlaganimdan so‘ng o‘zimni yaxshi his qilib, eng yuqori qavatlarga ham bemalol chiqib tushadigan bo‘ldim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YZJ6Kp6EeBg" title="Sport — ham dori, ham goʻzallik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulchehra opa biz bilan suhbatda ayrim ayollar ortiqcha vazndan qutulish uchun turli dorilarni qabul qilib, oqibatda kasallik orttirib olayotganidan kuyunib gapirdi.
— Olmazor tumani G‘ani A’zamov mahallasida yashayman. Mahallamizdagi ayollarga ham o‘rindiqda o‘tirmasdan yurish hamda yugurish bilan shug‘ullanishni maslahat beraman. Sog‘lom bo‘lish uchun o‘tirish foyda bermaydi. Ozish va sog‘lom bo‘lishning eng yaxshi usuli bu sport. Sport inson uchun ham dori, ham go‘zallik, — deydi Gulchehra opa.
N.Rahmonova, O‘zA