Sport faxriylari taqdirlandi
O‘zbekistonning eng ulug‘, eng aziz bayrami – Mustaqillik ayyomi kunlarida davlatimizning e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi bilan sportimiz faxriylariga yuksak ehtirom ko‘rsatish an’ana tusini olmoqda.
Ushbu ezgu tashabbus bu yil ham davom ettirilib, umrining katta qismini o‘zbek sportining rivojiga bag‘ishlagan faxriylarimizga pul mukofotlari topshirildi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasida o‘tgan tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Abdulla Aslonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, shuningdek, mamlakat sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ishtirokida bir guruh faxriylarga ehtirom ko‘rsatildi.

Tadbirda so‘z olganlar amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Yangi O‘zbekiston qiyofasi, mazmun-mohiyati nafaqat bunyod etilayotgan majmualar, ishga tushirilayotgan yangi infratuzilmalarda, balki har bir insonning oddiy turmush tarzida, ularning qalb-qo‘rida ham yuz berayotganligini alohida ta’kidlashdi.
Qiziqarli muloqot va xotiralarga boy kechgan tadbir davomida 42 nafar faxriyga Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasining bayram sovg‘alari topshirildi.
Yakunda fidoyilarimiz ularga ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun ekanliklarini izhor qilishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA