Spektakllarni bolalar qalbiga yaqinlashtirish niyatidamiz
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri qoshida tashkil etilgan qo‘g‘irchoq teatri o‘zining ilk spektakli bilan kichik tomoshabinlar uchun yangi sahna olamini ochdi. “A’lochilik siri” qo‘g‘irchoq spektaklining premerasi bolajonlarga quvonch ulashibgina qolmay, ularni ezgulik, bilim va yaxshi fazilatlar olamiga yetakladi.
Sahnada jonlangan qo‘g‘irchoqlar, tomosha zalida yangragan bolalar kulgisi va ertak qahramonlariga to‘la foye... Sirdaryo viloyati musiqali drama teatridagi ilk premera oddiy spektakldan ko‘ra ko‘proq — bolajonlar uchun yangi madaniy maskanning boshlanishi bo‘ldi.
Tomosha boshlanishidan avval teatr foyesida kichik mehmonlarni turli ertak qahramonlari kutib oldi. Rang-barang obrazlar, quvnoq musiqa va bayramona muhit bolalarni bir zumda ertaklar olamiga olib kirdi. Ayrim bolalar qahramonlar bilan suratga tushsa, boshqalari ular bilan suhbatlashib, sahnadagi voqealarni intiqlik bilan kutdi.
So‘ng jajji tomoshabinlar tomosha zaliga taklif etildi. Sahnada “A’lochilik siri” spektakli boshlanishi bilan bolalarning diqqati qahramonlarga qaratildi. Voqealar rivoji, qo‘g‘irchoqlarning harakati, sahna bezaklari va musiqiy yechimlar uyg‘unligi kichik tomoshabinlarni o‘ziga mahkam bog‘ladi.
Bolajonlar qahramonlar bilan birga kuldilar, ularning sarguzashtlariga sherik bo‘ldilar, ayrim voqealarni hayrat bilan kuzatdilar. Spektakl orqali bilimga intilish, tirishqoqlik, yaxshi xulq va ezgulik kabi fazilatlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
[gallery-30770]
— Qo‘g‘irchoq teatrini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz bolalarni san’at olamiga erta jalb etish, ularda teatrga mehr uyg‘otish va mazmunli madaniy muhit yaratishdan iborat. Bola uchun teatr shunchaki tomosha emas. Uning tasavvuri va dunyoqarashini boyitadigan, ezgulik va go‘zallik haqidagi tushunchalarini shakllantiradigan o‘ziga xos tarbiya maktabi hamdir.
“A’lochilik siri” bilan ilk qadamni tashladik. Endi repertuarimizni xalq ertaklari, milliy qadriyatlar, zamonaviy bolalar adabiyoti va tarbiyaviy mazmundagi asarlar bilan boyitib borishni rejalashtiryapmiz. Bolalarning yoshi va qiziqishlaridan kelib chiqib, turli mavzulardagi spektakllar tayyorlaymiz. Shuningdek, qo‘g‘irchoq teatri imkoniyatlaridan foydalangan holda sahnada yangi ijodiy yechimlarni sinab ko‘ramiz.
Eng muhimi, spektakllarni bolalarga yaqinlashtirish niyatidamiz. Shu bois kelgusida qo‘g‘irchoq teatri tomoshalarini viloyatning shahar va tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va madaniyat maskanlarida ham namoyish etishni rejalashtirganmiz. Har bir spektakl bolalarga yaxshi kayfiyat, yangi taassurot va ezgu fikr ulashishi biz uchun muhim, — dedi teatr direktori Dilmurod Tojibayev.
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi tomonidan teatr san’atini keng targ‘ib etish va tomoshabinlar qamrovini oshirish borasidagi ishlar ham izchil davom etmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida teatr tomonidan 124-marta spektakl namoyish etilib, 38 ming nafardan ortiq tomoshabin jalb qilindi. Tomoshalar teatr binosi bilan bir qatorda viloyatning shahar va tumanlarida, ta’lim muassasalari hamda madaniyat maskanlarida ham tashkil etildi.
Ayni paytda teatr repertuarini milliy va zamonaviy sahna asarlari bilan boyitish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy izlanishlarga keng yo‘l ochish va sahna san’atini aholiga yanada yaqinlashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Qo‘g‘irchoq teatrining faoliyat boshlashi ana shu ijodiy jarayonning yangi yo‘nalishi bo‘ldi. Endi sirdaryolik bolajonlarni teatr sahnasida yangi qahramonlar, qiziqarli sarguzashtlar va ezgu g‘oyalarga boy spektakllar kutib turadi.
“A’lochilik siri” bilan boshlangan ilk qadamning ortidan yana ko‘plab yangi spektakllar sahnaga chiqishi kutilmoqda. Zero, bolalikda olingan har bir yaxshi taassurot, sahnada ko‘rilgan har bir qahramon va eshitilgan har bir ezgu fikr bola qalbida uzoq saqlanadi. Qo‘g‘irchoq teatri esa ana shu yorqin taassurotlarni bolajonlarga tuhfa etadigan yangi madaniy maskanga aylanmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA