Spartakiada – salomatlik omili
Termizda “Sport – salomatlik garovi” spartakiadasi bo‘lib o‘tdi. Umumiy hisobda Qashqadaryo viloyati vakillari birinchi, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi A.Ahmedov va boshqalar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar navqiron avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarni sportga keng jalb etish, mehnatkashlarni muayyan kasb kasalliklaridan sport hamda sog‘lom turmush tarzi orqali muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan spartakiadada Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari jamoalari sportning stol tennisi, shaxmat, shashka, voleybol, badminton va suzish turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Stol tennisi bahslarida Qashqadaryo viloyati vakili Ziyovuddin Qosimov va Samarqand viloyatidan Mohira Pirimova, shashka bo‘yicha surxondaryolik Karamatullo Qurbonov, qashqadaryolik Dilsora Berdiyeva, badminton va shaxmat bo‘yicha Samarqand viloyati vakillari Sherzod Rahmatov, Husnobod Rahmatova, Jamshid Akobirov va Hojar Narziqulova birinchi o‘rinni egalladi. Suzish musobaqalarida birinchi o‘rin mezbon viloyat vakillari Shahboz Nurmamatov hamda Veoleta Mersilkoga nasib etdi. Voleybol bahslarida Qashqadaryo viloyati jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Umumiy hisobda Qashqadaryo viloyati vakillari birinchi, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.