So‘z festival ishtirokchilariga
Marg‘ilon shahridagi ijodkorlar bog‘ida xalqaro “Atlas bayrami” V an’anaviy to‘qimachilik festivali bo‘lib o‘tmoqda. Unda Turkiya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Latviya, AQSH, Malayziya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Tailand, Bangladesh, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan hunarmandlar, madaniyat arboblari, dizayner va soha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Biz ularning taassurotlari bilan qiziqdik.
Muhammad Asim (Hindiston): – O‘zbekiston, xususan, Marg‘ilon haqida ota onamdan eshitib, qiziqishim yil sayin ortardi. Bugun go‘zal shaharga kelganimdan mamnunman. Taassurotlarim bir olam. Ayniqsa, bu yerning samimiy va ochiq chehrali odamlari, yoqimli ob-havosi ta’rifiga til ojiz. O‘zim matolarni bo‘yash bilan shug‘ullanaman. Marg‘ilonlik usta-hunarmandlardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Kelgusida yana mamlakatingizga kelishni rejalashtirdim.

Vasa Na (Mo‘g‘uliston): –Materialshunoslik bo‘yicha ilmiy ish olib boraman. Izlanishlarimga aloqador jihatlari ko‘pligi uchun ham ushbu festivalga qatnashmoqdaman. Bu sehrli va huzurbaxsh sohaga ayni paytda yangi texnologiyalar, innovatsion loyihalar tatbiq etilmoqda. Lekin marg‘ilonlik ustalarning o‘z yo‘nalishi va uslublari juda qiziqarli. Atlas va adrasga qadimdan qo‘llanib kelayotgan uslublar vositasida ajabtovur naqsh va jilo baxsh etilishi meni hayron qoldirmoqda. Bu yerda paxta, jun va ipak matolarni tayyorlashning o‘zgacha yo‘llarini kuzatyapman. Barchasi uchun hunarmandlarga rahmat aytgim keldi.


Abduqahhor Hamdamov (Tojikiston): –O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani biz kabi hunarmandlar uchun quvonarli hol, albatta. Har doim bu kabi turli anjuman va festivallardan bir olam taassurot bilan qaytaman. 2019 yili Qo‘qonda o‘tgan hunarmandlar festivalida 2-o‘rin sohibi bo‘lgan edim. O‘tgan davr mobaynida o‘zbekistonlik hamkasblarimdan o‘rganganlarimni amaliyotga joriy qildim va ijobiy natijalarga erishdim. “Atlas” festivali tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman.
O‘zA muxbiri M.Sulaymonov suhbatlashdi