So‘z erkinligi – Buyuk ne’mat
Bundan roppa-rosa o‘ttiz uch yil burun, ya’ni 1991-yilning 3-mayida Afrikaning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan Namibiya davlati poytaxti Vindxuk shahrida matbuot erkinligiga bag‘ishlab, xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda Afrika davlatlarida faoliyat olib borayotgan gazeta-jurnallar muharrirlari dunyo hukumatlarini OAV erkinligini ta’minlashga, jurnalistlarning haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘lidagi chiqishlariga sabrli bo‘lishga da’vat etadi.
Anjuman so‘ngida matbuot erkinligi to‘g‘risida Dekloratsiya imzolanadi. Oradan ikki yil o‘tgach, 3-may BMT tomonidan Jahon matbuot erkinligi kuni, deb e’lon qilindi. Shu-shu “qora qit’a”dan boshlangan xayrli tadbir dunyo miqyosidagi xalqaro bayramga aylandi.
Mana necha yillardirki, 3-mayda – Jahon matbuot erkinligi kuni (BMTning rasmiy tillarida: ruscha – Vsemirnыy den svobodы pechati, inglizcha – World Press Freedom Day, ispancha – Día Mundial de la Libertad de Prensa, fransuzcha – Journée internationale de la liberté de la presse) nishonlanadi.
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki davridayoq qo‘shilgan bu muhim xalqaro-huquqiy-hujjat – Inson huquqlari umumjahon dekloratsiyasida ham, yaqinda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham qat’iy kafolatlab qo‘yilgan.
Matbuot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, butun dunyoda matbuot erkinligi holatiga baho berish, OAV erkinligi, dunyoning eng qaynoq nuqtalarida faoliyat olib borayotgan muxbir, fotoreportyorlarga qilinayotgan tajavvuzlarning oldini olish, OAVni himoya etish, o‘zining kasbiy burchini to‘laqonli bajargan ustoz-jurnalistlarni yodga olish mazkur kun joriy etilishining asosiy maqsadlaridan biridir.
Ha, jamiyat rivojlanishida OAVning o‘rni beqiyos. Dastlab maktub, varaqa, qo‘lyozma, kitob ko‘rinishida tarqatilgan axborotlar, keyinchalik gazeta, jurnal, radio, televideniye, internet kabi tezkor vositalar orqali tarqatilishi yo‘lga qo‘yildi. Yozuv mashinkasi, oddiy telefon, magnitofon, faks orqali ma’lumot almashish yoki maqolalarni elektron shaklini yetkazish o‘rnini mobil telefonlar, kompyuterlar, noutbuk, fleshkalar va sifrli diktofonlar egalladi.
Shu tariqa insoniyat bu ommaviy vositalar tufayli yangiliklarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar sohani butunlay o‘zgartirib yubordi. “Axborot asri” deb nom olgan hozirgi davrda axborot – energiya manbalari, tabiiy boyliklar qatori barchaning mulkiga aylandi. Ana shu jarayonda bevosita zahmatkash kasb egalari bo‘lmish jurnalistlarning o‘rni juda katta.
Jurnalist – jamiyat va davlat o‘rtasidagi ko‘prik. U sodir bo‘lgan, bo‘layotgan voqea-hodisalarni tezkorlik bilan keng jamoatchilikka yetkazib boradi. Biroq, bu o‘z-o‘zidan osonlikcha amalga oshadigan jarayon emas. Muxbir ommaga asl holatni bayon etishi, ma’lum qilishi uchun davlat va jamoat tashkilotlarining ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik siyosati juda zarur bo‘ladi. Bularsiz na jurnalistikani erkin, na davlatni ochiq deyish mumkin.
Mamlakat matbuotida so‘z erkinligi darajasi uning xalqaro imijini ham belgilaydi. Bugun O‘zbekiston media olamida so‘z erkinligi yetarlicha ta’minlangan deb bemalol ayta olamiz. Odamlar so‘z erkinligini his qilib bo‘lgan, matbuotdan katta bir kuch sifatida foydalanayapti. Va qaydadir biror bir muxbir yo blogerga tazyiq yo tahdidlar bo‘layotgan bo‘lsa, oshkora aytilyapti, aholidan sir tutiladigan narsaning o‘zi qolmadi.
Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev xalqning o‘ziniki bo‘lgan va undan olib qo‘yilgan ko‘p narsalarni, jumladan huquqni, adolatni, so‘z erkinligini o‘ziga qaytardi. Haqiqatdan ham, tarixan qisqa bir davrda juda katta va murakkab, shu bilan birga aniq maqsadlarga qaratilgan sharafli yo‘l bosib o‘tildi. Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, so‘z erkinligini ta’minlash, inson huquqlari prinsiplarini O‘zbekistonda yanada ilgari surish, barcha imkoniyatlarni yaratish uchun juda ham ko‘p ishlar qilindi.
Ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekistonda jurnalistlar jamiyatdagi yutuqlarni keng yoritish asnosida mavjud muammolar haqida ham baralla yozishmoqda. Ommaviy axborot erkinligi davlat va jamiyat uchun – fuqarolar faolligini rag‘batlantirishda muhim ahamiyatga ega. Asosiysi, so‘z erkinligi ta’minlangan mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar aslo samarasiz qolmaydi.
Matbuot erkin bo‘lgandagina so‘z erkinligi va fikr erkinligi ta’minlanadi. Matbuot erkinligining o‘zi – demokratiya. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning o‘quvchilarimiz. Bu borada hali ko‘p narsalarni o‘rganishimiz zarur”. Ana shunda amaliyotdagi ijobiy ko‘rsatkichlar oshishi va davlat organlari hamda OAV o‘rtasidagi ochiqlik, oshkoralik ko‘prigi mustahkam bo‘lishi, demokratiyaning asl madaniyati shakllanishi, shubhasiz. Shuningdek, jahon matbuot erkinligi indeksining kelgusidagi reytingida o‘zbek matbuoti sezilarli darajada yuqorilashishi turgan gap.
Ammo, sohada amalga oshirilayotgan barcha ijobiy ishlar bilan birga, jurnalistlarning shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, ularning kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, xolis va haqqoniy axborotlarni tezkorlik bilan jamoatchilikka yetkazish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, davlat hokimiyati organlari, mansabdor shaxslarning ommaviy axborot vositalari orqali hisobdorligini ta’minlash bilan bog‘liq qonunchilik asoslarini yanada rivojlantirish dolzab vazifalardan bo‘lib qolaveradi.
Bugungi kunda media olam katta o‘zgarishlar og‘ushida. An’anaviy jurnalistikadan zamonaviy, kreativ, tezkor jurnalistikaga zarurat katta. Darhaqiqat, har qanday jarayonda ham xolis so‘z ayta olish kishidan tezkorlik, fikrchanlik shu bilan birga katta mas’uliyat talab etadi. Turli davrlarda matbuotdan keyin OAVning radio, televideniye kabi turlari, ayniqsa, internet paydo bo‘lgach, insoniyat ongi va dunyoqarashi tubdan o‘zgardi. Ulardan o‘z o‘rnida to‘g‘ri foydalanish va axborotlarni tahlil qilish esa mustaqil fikr, bilim va tafakkurni talab etadi.
Bugungi kunda ko‘plab jurnalistlar dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni, jumladan Rossiya – Ukraina voqealari, G‘azodagi keskin vaziyat, Siriya yoki Afg‘onistondagi holat, inson huquqlarining buzilishini yoritish uchun o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishmoqda.
Jahon matbuot erkinligi kunida biz butun dunyo bo‘ylab xolis, haqqoniy axborot ulashayotgan, aholini muhim yangiliklardan xabardor qilib borayotgan jurnalistlar jasoratini sharaflaymiz.
Hayot hech qachon to‘xtab qolmaydi, u ilgarilab ketaveradi. Ammo shu jarayonda, taraqqiyotni kuchaytirish maqsadida yana bir bor fikr-mulohaza qilib ko‘radigan, boshqacha aytganda, yangilanishlar paytlari ham bo‘ladi. Aynan mamlakatimiz ham hozir shunday yangilanish pallasida. Yer yuzida O‘zbekistonimiz – yakka-yu yagona. Biz jonajon Vatanimiz bilan har qancha faxr-iftixor qilsak – shuncha kam.
Jurnalist zoti borki, odamlarga yaxshi xushxabar yetkazish, nekbin orzularda yashaydi. Bu orzular hali qog‘ozga tushib ulgurmagan ko‘pdan ko‘p dolzarb va qiziqarli masalalar, haqiqatlarga yo‘g‘rilgan yangi mavzular bo‘lishi mumkin.
Yurtimizdagi barcha matbuot xodimlari, jurnalistlar va blogerlarga 3-may Jahon matbuot erkinligi kuni muborakbod bo‘lsin, izlanishda, Vatan ravnaqi yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilishda bor bo‘ling, omon bo‘ling, deymiz.
Madina Zufarova,
“RENAISSANCE” universiteti talabasi,
O‘zA