Soya yetishtirish tajribasi takomillashmoqda
Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “Obod bog‘ bog‘boni” fermer xo‘jaligi dalalarida noan’anaviy o‘simlik – soya o‘rim-yig‘imi boshlandi. 2.5 gektar yerga ekilgan moyli ekinlarning har gektaridan 30 sentnerdan hosil yig‘ishtirib olindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tarmoq fermer xo‘jaligiga 50 million so‘mdan ortiq daromad olish imkonini berdi. O‘simlik poyasi xo‘jalik chorvasi uchun to‘yimli ozuqa vazifasini o‘tamoqda.
Joriy yil viloyatda jami 9 ming 542 gektar maydonda moyli ekinlar parvarishlandi. Ayni kunda pishib yetilgan ilk hosil peshma-pesh yig‘ishtirib olinmoqda. bugungi kunda viloyatda yillik quvvati 51,6 ming tonna bo‘lgan 3 ta yog‘-moy korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 105,6 ming tonna chigit qayta ishlanib, 240 ming tonna paxta yog‘i ishlab chiqariladi. Ammo bu aholining yog‘-moy mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish imkoniyatiga ega emas.

Farg‘ona dehqonchilik maktabi uchun noan’anaviy bo‘lgan ekinlarni ekish, qayta ishlashga bo‘lgan e’tibor oshdi. Chunki dukkakli don ekinlari orasida soya va kungaboqar o‘simligi serhosilligi, yoqori sifatli moy berishi, inson salomatligi uchun foydali elementlarga boyligi, xaridorbopligi bilan ajralib turadi. Bu ekinlaridan nafaqat oziq-ovqat balki, chorvachilik, xalq tabobati yo‘nalishlarida o‘ndan ortiq mahsulot turlari tayyorlanadi.
Farg‘ona viloyatida bu yo‘nalishda ish olib borishga ixtisoslashgan “Agro green Iife“ mas’uliyati cheklangan jamiyati moyli ekinlar klaster xo‘jaligi tashkil etildi. Klaster fermer va dehqon xo‘jaliklariga 4 ming 542 gektar maydonga soya va kungaboqar urug‘i yetkazib berdi, ekinlarni parvarishlash bilan bog‘liq agrotexnik jarayonda ham ko‘maklashdi. Pishib yetilgan hosilning birlamchi xaridori ham klaster.

–Aholi dasturxoniga arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bugungi kunning muhim vazifalaridan, – deydi klaster xo‘jaligi rahbari Akbarxon Nizamov. – Shu maqsadda xorijdan “Atias”, “Arisoy” kabi soya navlari olib kelib ekildi. Bu navlar mahalliy iqlim sharoitimizga mos, serhosilligi bilan ajralib turadi. Ilk mavsumda 15,9 ming tonna soya, 2,5 ming tonna kungaboqar hosili olishni ko‘zlab turibmiz. Mahsulotning asosiy qismini soya yog‘i va uni tashkil etadi. Uning doni tarkibida 50 foiz oqsil, 20 foiz moy mavjud. Donidan xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan 400 dan ortiq mahsulotlar olinadi.

Darhaqiqat, ichki va tashqi bozorda bu mahsulotlar bo‘lgan talab yuqori. Shu kunga qadar soya moyi va unlari import hisobiga olib kelingan. Yangi tarmoq bu boradagi ortiqcha ovvoragarchilikka barham berdi. Ayniqsa, soya uni qandolatchilik, go‘sht, sut, pishloq o‘rnini bosuvchi xomashyo sifatida keng qo‘llaniladi.
M.Sulaymonov, O‘zA