So‘xdagi tashna yerlarga obi hayot keldi
Prezidentimizning 2020 yil 8 avgustda qabul qilingan “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida anklav hududda keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda.
Manzilli dasturga 146 ta loyiha kiritilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi aholi farovonligi va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Atrofi purviqor tog‘lardan iborat bo‘lgan tumanda yerlarni o‘zlashtirish va suv bilan ta’minlash nihoyatda dolzarb. “Vargan”, “Kasmidon”, “Simodon”, “Malbut”, “Devayron”, “Toyon” va “Hushyor” massivlaridagi foydalanishdan chiqib ketgan 36 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini 11 ta tik sug‘orish quduqlari va nasos agregatlarini qurish orqali o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Dasturga asosan bu yerda birdaniga 4 ta sug‘orish qudug‘i foydalanishga topshirildi. Vargan massivida “Chashma-Agro” ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etildi, uning yerlari “Vargan-2” va “Vargan-3” sug‘orish qudug‘i orqali sug‘oriladi. “Vargan-1” sug‘orish qudug‘i “Mulki Ashurali ota” fermer xo‘jaligi tasarrufida bo‘lib, fermer xo‘jaligi chorvachilikka ixtisoslashgan. “Qozikalon” fermer xo‘jaligining “Vargan-4” sug‘orish qudug‘i bir maromda ishlayotir.
-Davlatimiz rahbarining e’tibori asosida bir necha yildan buyon suvsiz qolgan yerlarga hayot manbai kirib keldi. Biz fermerlar hosildorlikni oshirishga astoydil bel bog‘ladik.Zero, suv bor joyda hayot bor, - deydi “Qozikalon” fermer xo‘jaligi raisi Rasulxon Qoziyev.
Mazkur tik quduqlarni ishga tushirish uchun davlatimiz tomonidan salkam bir yarim milliard so‘m mablag‘ sarflandi. 100 gektardan ortiq yerlar endi muammosiz sug‘oriladigan bo‘ldi. Eng asosiysi, tashkil etilgan ishlab chiqarish kooperatsiyasiga 200 nafardan ortiq fuqaro va asosan yoshlar jalb etildi.Ularga yer maydonlari ajratilib, dehqonchilik qilishni boshlashdi.
M. Sulaymonov, O‘zA