Sovuqdan qo‘rqmang, aksincha, tayyor turing!
FOTOREPORTAJ
Iqlim o‘zgarishi, noqulay ob-havo sharoiti, bahorning qoq o‘rtasida harorat keskin pasayishi, bevosita qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sir etishi, aksariyat hollarda ekinni nes-nobud qilishi mumkin. O‘tgan bahorda xuddi shunday holat bo‘lgani, qator o‘simliklar, dov-daraxtlar hosiliga jiddiy zarar yetgani barchamizga ma’lum.
Ming afsuski, bu yil ham ob-havo kutilmaganda sovuy boshladi. Shuning uchun ham dehqon xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yer maydonida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sovuq urishidan saqlash maqsadida joylarda shtablar tashkil etilib, ular qoshida tezkor ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaliklariga sovuqdan betalafot chiqish choralarini ko‘rish bo‘yicha amaliy yordam beri maqsadida hududlarga olimlar va mutaxassislar biriktirildi, - deydi ishchi guruh rahbari, Surxondaryo viloyati Agroxizmatlar markazi direktori Olim Alimardonov.
– Ayni paytda joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari boshlab yuborilgan. Viloyatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilayotgan olimlar, professorlar bilan birgalikda respublika hududiga kirib kelgan sovuq ob-havo ta’siridan joylardagi mevali bog‘, uzumzorlar va «to‘qsonbosti» usulida hamda ertaki maydonlarga ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini asrash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilib, hududlarda joriy etilmoqda.
Xo‘sh, bunda dehqonlar, zaminga umid bog‘lab urug‘ qadagan, ko‘chat ekkan mehnatkashlar hosildorlikni asrash va ekin-tikinlarni sovuq urishidan himoyalash uchun nimalarga amal qilishi kerak?
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti meva-sabzavotchilik va uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi kafedrasi mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Muzaffar Aramovning tavsiyasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida avvalo, sovuqdan himoyalanish uchun qator agrotexnologiyalarni qo‘llash mumkin: imkoni bo‘lsa, birinchi navbatda, ekinlarni yengil sug‘orish, undan ham yaxshisi, sharbat usulida sug‘orish lozim bo‘ladi. Chunki, suv tuproq tarkibini normal holatga keltiradi va o‘simliklarning ildizini, issiq holatda ushlab turish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, meva-sabzavot, kartoshka, ko‘katlar agar ko‘karib chiqqan bo‘lsa, tezda ustini plyonka bilan yopish lozim bo‘ladi. Qolaversa, mahalliy o‘g‘it bormi, somon yoki shunga o‘xshash mahsulotlarni yer maydonlarining har har joyiga uyib qo‘yib, tutatish choralarini ko‘rish kerak. Agar issiqxonalar ochib qo‘yilgan bo‘lsa, ularning ustini yopish, ichki tomonidan termos usulida yana bir qavat qoplash kerak.
Gullagan yoki barg yozgan dov-daraxtlarni, bug‘doyzorlarni mineral o‘g‘itlar bilan suspenziya qilish ancha foyda beradi. Bir so‘z bilan aytganda, ma’lum bir muddatda o‘tib ketadigan sovuqdan himoyalanmasdan qo‘l qovushtirib o‘tirsak, ertangi rizqimiz, daromad manbamizni boy beramiz.
Shtabda tegishli mutaxassislarning tunu-kun navbatchilik rejimi joriy etilgan bo‘lib, istalgan vaqtda ulardan ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan.
[gallery-6224]
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA