So‘nggi so‘zni sud aytishi kerak
Huquqiy davlat qurar ekanmiz, har bir masala qonuniy hal etilishiga o‘rganishimiz kerak. Amaldagi qonunlarimizda ham qonun ustuvor, jazo muqarrarligi tamoyili mujassamlashtirilgan.
Hech bir qonun hech bir shaxsga boshqalarni o‘z bilganicha jazolashiga (“samosud” qilishiga), turli ko‘rinishdagi ta’sir o‘tkazishiga ruxsat bermaydi.
Ushbu mavzu haqida Adliya vazirligi mas’ul xodimi Dilmurod Rajabboyev bilan suhbatlashdik.
– “Samosud” haqida qonunlarda qanday taqiqlar bor?
– Qonunchiligimizga ko‘ra, birorta jinoyat qilgan shaxsning xatti-harakatlari sudda, oshkora ko‘rilib, sud tomonidan uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi.
Ya’ni siz kimningdur bevosita qotilligiga o‘z ko‘zingiz bilan guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz ham, qonun sizga u shaxsni jinoyatchi, aybdor deb atashingizga ruxsat bermaydi. So‘ngi so‘zni faqat sud aytadi.
Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ham ularning turi va darajasiga qarab turli idoralar va sudlar tomonidan ko‘rib baho beriladi.
– “Samosud” uchun qanday javobgarlik bor?
– Avvalambor, “samosud” qilganlar o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xatar ostiga qo‘yadi. Har qanday “samosud” uchun xoh u yengil bo‘lsin xoh og‘ir – javobgarlik bor.
“Samosud” natijasida ko‘p miqdorda zarar (BHMning 300-500 baravarigacha) yetkazilsa, u jinoyat deb baholanadi va BHMning
50 baravarigacha (13 million 500 ming so‘mgacha) jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Albatta, bunda jarima yoki boshqa jazolardan tashqari yetkazilgan zarar o‘rnini ham qoplash kerak bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda “samosud” qilish oqibatida boshqalarning manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirganlik uchun jazo belgilangan.
Bu hali hammasi emas. “Samosud” natijasida fuqaroga tan jarohati yetkazilsa, unga nisbatan tuhmat, haqorat, tovlamachilik qilinsa, Jinoyat kodeksida belgilangan boshqa jazolar ham qo‘llaniladi.
– O‘zini-o‘zi himoyalash ham “samosud”mi?
– Kimdir sizga yoki boshqa shaxslarga tajovuz qilganida o‘sha tajovuzni qaytarish choralarini ko‘rishingiz mumkin, bu “samosud” hisoblanmaydi.
Tajovuzning xususiyati va xavfliligi darajasiga butunlay muvofiq kelmaydigan mudofaa zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi. (masalan, daraxt shoxi bilan tajovuz qilgan shaxsga pichoq bilan hujum qilish).
– “Samosud” haqida xabar berish tartibi qanday?
– Jinoyat yoki boshqa huquqbuzarliklarga guvoh bo‘lganda, vakolatli organlarga, prokuratura (1007), ichki ishlar (102), milliy gvardiya yoki boshqa organlarga murojaat qilish eng maqbul yechim hisoblanadi.
Qonunchilikda ayrim huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganlik uchun mukofot puli beriladi. Xususan, yo‘l harakati qoidalariga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida eJarima portali orqali xabar beriladi va BHMning 5 foizi (13 ming 500 so‘m) miqdorida;
Daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlashga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Davlat ekologiya qo‘mitasiga xabar beriladi va BHMning 1 baravarigacha (270 ming so‘m) miqdorida;
Litsenziyasiz yoki ruxsatnomasiz, xabarnoma yubormasdan shunday hujjatlar talab qilinadigan faoliyat bilan shug‘ullanganlik to‘g‘risida litsenziya, ruxsatnoma berish vakolatiga ega organlarga (masalan, xususiy notariuslar bo‘yicha Adliya vazirligiga) xabar beriladi va undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida;
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar berilganda huquqbuzarlik turidan kelib chiqib BHMning 7 baravarigacha (1 mln 890 ming so‘m) miqdorda;
Davlat moliyaviy nazoratiga oid qoidabuzarliklar to‘g‘risida “Davlat auditi” tizimi orqali xabar beriladi va undirilgan jarimadan kelib chiqib mukofot pullari to‘lanadi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, jamiyatda muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish har birimizning huquq va erkinliklarimizni ro‘yobga chiqishiga zamin yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA