So‘mning nominal va real samarali almashuv kurslari hisoblandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2019 yilning yanvar oyidan 2024 yilning iyun oyigacha bo‘lgan davr uchun so‘mning nominal va real samarali almashuv kurslari hisoblab chiqildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yilgacha real samarali almashuv kursi 7,6 foizga mustahkamlangan, nominal samarali almashuv kursi esa deyarli 6,6 foizga pasaygan. 2024 yil boshidan real samarali almashuv kursi biroz pasaya boshladi. O‘z navbatida, nominal samarali almashuv kursi deyarli bir xil darajada saqlanib qoldi.
Nominal va real samarali valyuta kurslarining o‘zgarishiga 3 ta asosiy omil ta’sir ko‘rsatdi: birinchisi, nominal kurs summasining o‘zgarishidir. 2023 yilning boshidan 2024 yilning iyun oyigacha bo‘lgan davrda ichki valyuta bozorida so‘m AQSH dollariga nisbatan taxminan 12 foizga qadrsizlandi.
2023 yilning boshidan buyon Rossiya (34 foiz) va Turkiya (72 foiz)da sezilarli devalvatsiya tendensiyasi kuzatilgan bo‘lsa, Xitoy (7,5 foiz) va Janubiy Koreya (9 foiz) milliy valyutalarining qadrsizlanish sur’atlari o‘rtacha darajada saqlanib qolindi.
Ikkinchisi esa O‘zbekiston va uning savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlarda narxlar darajasining o‘zgarishi hisoblanadi. 2024 yilning iyun oyidagi holatga ko‘ra, Xitoyda yillik inflyatsiya 0,2 foizni, Rossiyada 8,6 foizni, Qozog‘istonda 8,4 foizni, Turkiyada 71,6 foizni, Tojikistonda 3,5 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 2023 yil iyuniga kelib 10,6 foizgacha tezlashdi.
Uchinchisi, O‘zbekistonning tashqi savdosida asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakatlar ulushidir. Respublikaning tashqi savdo aylanmasida hamkor mamlakatning ulushi qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zbek so‘mi almashuv kursining ushbu mamlakat valyutasiga bog‘liqligi shuncha yuqori bo‘ladi va bu mamlakatda narxlarning o‘zgarishi so‘mning samarali almashuv kurslariga kuchliroq ta’sir qiladi. Natijada Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Turkiyadagi inflyatsiya jarayonlari va valyuta kurslarining o‘zgarishi so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, deyiladi MHTI xabarida.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA