Soliqlar aholi ehtiyojlariga xizmat qiladi
Keyingi paytlarda soliq organlarining mahalla darajasiga tushirilgani ijobiy natijalarga erishilayotganidan dalolat bermoqda. Tizimning e’tiborli jihati shundaki, bunda maxsus dastur orqali mahalla soliq inspektorlarining samaradorligi inson omilisiz baholanib, soliq qo‘mitasi tomonidan umumiy reyting e’lon qilib borilishidir.
– Joriy yil avgust oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida baholash natijalariga ko‘ra Buxoro viloyatining samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) 87.0 ballni tashkil etdi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi boshlig‘i B.Fayziyev. – Umumiy reytingda esa viloyat soliq inspektorlari hissasi yuqori bo‘lgan hududlar qatoridan joy oldi. Jumladan, Romitan tumanidagi Bog‘cha, O‘ba va Romitan mahallalariga biriktirilgan soliq inspektori Aziz Hamidovning joriy yil avgust oyidagi samaradorlik ko‘rsatkichi 90.0 balldan yuqori baholandi.

– Menga Romitan tumanidagi Bog‘cha, O‘ba va Romitan mahallalari biriktirilgan, – deydi mahalla soliq inspektori Aziz Hamidov. – Ushbu mahallalarning soliq tushumlari 3 milliard 908 million so‘mni shundan, 9 oyligi 2 milliard 918 million so‘mni tashkil etadi. Yil oxirigacha mahalla ixtiyorida qoladigan mablag‘ miqdori 1 milliard 701 million so‘m rejalashtirilgan. Avgust oyida 10 ta ishlamay turgan tadbirkorning faoliyati tiklandi. 20 nafar noqonuniy ishlayotgan fuqaroni tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va o‘zini-o‘zi band qilish natijasida 102 million so‘m byudjetga qo‘shimcha manba aniqlandi.

Viloyat soliq boshqarmasining “Mahallabay ishni tashkil etish” sho‘’basi mas’ul xodimi Sherzod Jo‘rayev “Mahallabay” ishlash tizimi doirasida viloyatda soliq inspektorlari tomonidan soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan yordamlar, joylarda olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida aholining soliq savodxonligi ortib, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish ko‘rsatkichlari tobora o‘sib borayotganini ta’kidladi. Jumladan, yangi tizimning ijobiy natijalarini viloyatdagi 544 mahallaga biriktirilgan 262 nafar soliq inspektorlarining “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” dasturiy mahsulidagi mezonlar asosidagi kunlik ishlari samaradorligidan ham bilish mumkin.

– Bugungi kunda viloyatda jami 443 962 nafar mol-mulk solig‘i hamda 392 153 nafar yer solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxslar bor, – deydi viloyat soliq boshqarmasining mas’ul xodimi Sh.Jo‘rayev. – Soliq qonunchiligiga ko‘ra, ular ushbu soliq to‘lovlarini soliq davrida teng ulushlarda to‘lash huquqiga egadir. Ta’kidlash kerak, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 242 ming nafar aholi vakili 264.0 milliard so‘mlik mol-mulk va yer solig‘i to‘lovlarini to‘lab qo‘ydi.
Keyingi yillarda aholi orasida soliq munosabatlariga ongli munosabatda bo‘lib, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashni davlat va jamiyat oldidagi burchi ekanligini anglagan yurtdoshlarimiz ko‘paymoqda. Natijada, ushbu mablag‘lar hisobidan joylarda yangi-yangi ijtimoiy ob’ektlar barpo etilmoqda. Ichki yo‘llar va piyodalar yo‘lakchalari yaxshilanib, yoritish tizimi, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlaridagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.