Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi
Bugungi iqtisodiy islohotlar jarayonida soliq organlari faqat nazorat qiluvchi emas, balki tadbirkor uchun ishonchli hamkor, amaliy ko‘makchiga aylanib borayotgani amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Jizzax viloyatida bu tamoyil izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.
Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobir Ismoilovning joylarga chiqib, tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazayotgani muammolarni kabinetda emas, aynan joyida hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ana shunday manzilli uchrashuvlardan biri Sharof Rashidov tumanidagi “Chaqmoq” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xo‘jalik faoliyati bilan yaqindan tanishish asnosida uning nafaqat ishlab chiqarish, balki ijtimoiy ahamiyati ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, 51 nafar mahalliy aholining doimiy ish bilan ta’minlangani hududda bandlikni oshirishga qo‘shilayotgan munosib hissadir. So‘nggi uch oydagi 5 milliard 317 million so‘mdan ortiq aylanma mablag‘ esa xo‘jalikning iqtisodiy barqarorlikka erishib borayotganidan dalolat beradi.
E’tiborlisi, nol stavkadagi soliq imtiyozlari natijasida tadbirkor ixtiyorida 362 million so‘mdan ziyod mablag‘ qolgan. Bu esa ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sifatni oshirish uchun muhim moliyaviy imkoniyat demakdir.

Biroq har qanday faoliyatda bo‘lgani kabi, bu yerda ham ayrim muammolar mavjud. Xususan, soliq hisobotlarini topshirishda yuzaga kelayotgan texnik qiyinchiliklar tadbirkorni ancha vaqtdan buyon tashvishga solib kelayotgan edi. Mutaxassislar ishtirokida ushbu masala joyida o‘rganilib, qisqa fursatda amaliy yechim topildi. Bu esa “soliqchi — maslahatchi va ko‘makchi” tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatda soliq tizimini soddalashtirish, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

— Bugungi soliq tizimining asosiy vazifasi — tadbirkorni jazolash emas, uni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, — deydi boshqarma boshlig‘i Bobir Ismoilov. — Har bir muammoni joyiga chiqib o‘rgansak, yechim ham tez, samara ham yuqori bo‘ladi. Tadbirkor rozi bo‘lsa, iqtisodiyot rivojlanadi.
Darhaqiqat, joylarda olib borilayotgan ana shunday amaliy muloqotlar tadbirkorlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Muammolarning tezkor hal etilishi esa ularning faoliyatida yangi sur’at, yangi imkoniyatlar ochmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA