“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili davom etadi
Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yig‘ilganlarga viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i M.Mamatxanov joriy yilning II-choragi davomida viloyat davlat soliq xizmati organlari tomonidan “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan keyingi paytda adolatli, shaffof va uzoqqa mo‘ljallangan islohotlar amalga oshirib kelinyapti. Buning natijasida butunlay yangi soliq ma’murchiligi yuzaga keldi. Ta’kidlash lozim, tadbirkorlar buning amaliy ta’siri va natijasini avvalgiday chiroyli so‘zlarda emas, balki o‘zlarining kundalik faoliyatida his etmoqda.

Buni viloyatda soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida ixtiyoriy bajarilish darajasi 80 foizdan 95 foizga ko‘tarilganidan ham bilish mumkin. Qolaversa, soliq yukining teng taqsimlanishi va pasayishi natijasida viloyatda o‘tgan yilga nisbatan foyda solig‘i to‘lovchilari 15,2 baravarga, suv solig‘i to‘lovchilari 36,5 baravarga va yer solig‘i to‘lovchilari 38 baravar ko‘paydi.

Shuningdek, yig‘ilganlarga soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlar, xususan, tadbirkorlik sub’ektlari bilan bog‘liq soliq huquqbuzarliklarini oldini olish uchun joriy qilingan “Soliq hamkor” tizimi va bugungi kunda ushbu tizim orqali viloyatda jamoatchilik nazoratining faollashgani haqida ma’lumot berildi.

Ochiq muloqot va samimiy ruhda o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar va blogerlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Tadbirda viloyat davlat soliq xizmati organlari faoliyatiga bag‘ishlangan video-lavhalar ham namoyish etildi.

Tadbirda soliq ma’murchiligi, xususan viloyatda davlat soliq xizmati organlari xodimlarining “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosidagi faoliyatlarini yoritishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh jurnalist va blogerlarga 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov,O‘zA