Soliq tizimi: yengillik va imtiyozlar
Pandemiya sharoitida Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan viloyatdagi tadbirkor va jismoniy shaxslarga qanday yengilliklar beriladi?
Pandemiya sharoitida Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan viloyatdagi tadbirkor va jismoniy shaxslarga qanday yengilliklar beriladi?
Bu haqda Qarshi shahridagi jurnalistlar uyida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlandiki, pandemiya sharoitidan kelib chiqib qabul qilingan Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra 2020-yilning 1-aprelidan 1-oktyabrgacha boʻlgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirildi. Buning natijasida viloyatdagi 15 ming 751 nafar tadbirkor ixtiyorida 17 milliard soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogolli mahsulotlarni chakana sotish huquqi uchun yigʻimlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirilishi natijasida viloyatdagi jami 450 subyekt ixtiyorida jami 531 million soʻm mablagʻ qolishi hisoblab chiqildi.
Yuqoridagi farmon bilan viloyatdagi soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar uchun ham qator imtiyoz va yengilliklar berildi.
Jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirish muddatlari joriy yil 1-aprel sanasi edi. Ushbu farmonga koʻra, taqdim etish muddati 2020-yil 1-avgustga qadar uzaytirildi.
Shunga koʻra, viloyat boʻyicha 13 ming 583 ta holatda 1,8 milliard soʻmlik deklaratsiya topshirish muddatlari uzaytirildi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soligʻi toʻlashning muddatlari teng ulushlarda 15-aprel va 15-oktyabr edi. Ushbu muddat 2020-yilning 15-oktyabriga qadar uzaytirildi.
Mazkur imtiyoz sababli viloyat boʻyicha 305 ming 164 nafar jismoniy shaxslarning toʻlanishi lozim boʻlgan 68,4 milliard soʻm soliqlarining muddatlari kechiktirildi.
Bundan tashqari, farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash boʻyicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) huquqi taqdim etildi.
Tashqi savdo operatsiyalari ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qoʻllash 2020-yil 1-oktyabrgacha boʻlgan davrda toʻxtatildi. Bugungi kunda viloyatdagi 161 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga 141,4 milliard soʻmlik qoʻllanilishi lozim boʻlgan jarimalar toʻxtatildi.
Soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha penyalar hisoblanishini toʻxtatilishi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralarini koʻrilmasligi belgilandi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan 2021-yilning 1-yanvariga qadar tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini soliq auditidan oʻtkazish toʻxtatilishi belgilandi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga yana-da keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan ham qator imtiyozlar berildi.
Jumladan, turizm sohasida mehmonxona xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlar yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlarni toʻlashdan 2020-yilning 1-aprelidan 31-dekabriga qadar ozod qilindi, ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 12 foiz oʻrniga 1 foiz toʻlashlari belgilandi. Natijada viloyat boʻyicha 37 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt ixtiyorida 796 million soʻm mablagʻ qolishi hisoblab chiqildi.
Ushbu farmon bilan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 milliard soʻmdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qoʻllaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilariga ushbu soliqni har choraklik asosda hisoblash va toʻlash huquqi berildi. Bu 384 ta holatda 490,3 million soʻmni tashkil etadi.
Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlarga, shu jumladan, 2020-yil 1-aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, shuningdek, koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha oshirilgan stavkalarni qoʻllash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini koʻrish tartibi toʻxtatildi va hokazo.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, qabul qilingan ushbu farmonlar tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni oldini olishga xizmat qilishi shubhasiz.