Soliq tizimi: imtiyoz va imkoniyatlar
Buxoroda 2022 yildan soliq tizimiga kiritilayotgan yangiliklarni tadbirkorlarga yetkazish maqsadida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga Prezident qarori bilan bir qator huquq va yengilliklar taqdim etilganligi tushuntirildi. Soliq stavkalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
– “Hunarmand” uyushmasi a’zosiman, – deydi seminarda ishtirok etgan Umida Qobilova. – Naqshinkor gazlamalar to‘qish bilan shug‘ullanaman. Biz uchun 2022 yildan soliq tizimida bir qator yengillik berilibti. Ilgari ijtimoiy soliqni har oyda to‘lar edik. Endilikda bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanar ekan. Bu albatta biz hunarmandlar uchun yangilik bo‘ldi.

Seminarda Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish natijasida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan “Ye-aktiv”, “Ye-ijara” tizimlari bo‘yicha 2022 yilda joriy qilingan yangiliklar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish hamda soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar hisobini yuritish tartiblari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Seminar qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tomonidan yo‘llangan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

Zarif Komilov, O‘zA