Soliq tizimi: imtiyoz va imkoniyatlar
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan soliq qonunchiligiga kiritilgan yangiliklarni tadbirkorlarga yetkazish maqsadida seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrda qabul qilingan «Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
– bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 14 ming 865 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari mavjud, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Mirobid Ziyodov. – Aytish kerakki, ushbu qaror soliq ma’murchiligining yangi bosqichini boshlab beradigan konseptual hujjatdir. Unga ko‘ra qator yangiliklar amaliyotga kiritilmoqda. Tadbirda QQS to‘lovchilarni soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish soliq xavfini baholash asosida amalga oshirish, aktivlarni hisobga olish mexanizmi – “E-aktiv AAT”, ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish tizimi – “E-ijara” interaktiv xizmatlari va ularning soliq ma’murchiligini soddalashtirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, seminarda elektron hisobvaraq-faktura hamda mahsulot va xizmatlarning yagona klassifikatori tizimida yangi imkoniyatlar yaratilganligi ham alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan sohaga tatbiq etilayotgan yangi raqamli xizmatlardan foydalanish tartiblari to‘g‘risida tayyorlangan taqdimotlar orqali tushunchalar berildi.
[gallery-4972]
Seminar uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tib, tadbirkorlar oldidagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari, hududda biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. O‘rtaga tashlangan takliflar, intizomli tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan ayrim salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatma va amaliy yechimlar berildi.
Uchrashuv so‘nggida «Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi» tamoyili asosida olib borilayotgan manzilli ishlar sohadagi yangiliklar va tadbirkorlik faoliyati yuritilishida uchrayotgan muammolar ochiq va yuzma-yuz muloqotlarda soliq xizmati organlari tadbirkorlarning yaqin hamkori va maslahatchisiga aylanib borayotganligi ta’kidlandi.
– Biz bugungi seminardan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar, yangiliklar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi bosh hisobchi Nargiza Sobirova. – Soha mutaxassislaridan o‘zimizga kerakli maslahatlarni oldik. Bu kelgusi faoliyatimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu mavzuda seminarlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham o‘tkazilishi belgilab olindi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA