Soliq tizimi: imtiyoz, imkoniyat va samara
Andijonda mamlakatimiz Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda O‘zbekiston Respublikasining «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonuni mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari, hisobchilari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari, viloyat davlat soliq boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan seminarda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar, soliq to‘lovlari bo‘yicha tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar xususida so‘z yuritildi.
Seminarda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Soliq kodeksiga kiritilgan asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda 2021 yilda soliq siyosatidagi yangiliklar haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berdi.
– Ma’lumki, amaldagi Soliq kodeksiga qator qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi, – deydi Mubin Mirzayev. – Soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar shubhasiz, har bir tadbirkorni qiziqtiradi. Shu bois ham soliq to‘lovlari bo‘yicha yangiliklardan tadbirkorlarni xabardor qilish orqali ularning faoliyati yanada samarali bo‘lishiga ko‘maklashish asosiy maqsadimizdir.
Tadbirda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi (QQS) korxonalar doirasini kengaytirish hamda QQS zanjiri uzilishining oldini olish maqsadida tushum hajmidan qat’i nazar alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalari, bozor va savdo komplekslari QQS to‘lovchi korxonalar hisoblanishi belgilanganligi qayd etildi.
[gallery-849]
Seminar davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutassadi va mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Kunning ikkinchi yarmida seminar ishtirokchilari Andijon shahridagi “Dinar tekstil” korxonasi, Andijon tumanidagi “Valley fish” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoji” chorvachilik fermer xo‘jaligida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur xo‘jalik sub’ektlari faoliyatidagi soliq to‘lovlari bo‘yicha muammolar o‘rganilib, amaldagi tartiblar asosida olib borilishi yuzasidan tavsiyalar, shuningdek, ishtirokchilarga joriy yilda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar ko‘rgazmali materiallar asosida tushuntirib berildi.
– Seminarda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar xususida keng ma’lumot va tushunchalar oldik, – deydi Andijon shahridagi “Dinar tekstil” korxonasi ish yurituvchisi Jasurbek Sharipov.
– Kiritilgan o‘zgarishlar shubhasiz, tadbirkorlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yil 1 yanvardan mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning asosiy vositalari har yili majburiy qayta baholanishi bekor qilingani ularni ortiqcha soliq to‘lashidan ozod etadi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari tomonidan bu kabi targ‘ibot tadbirlari tuman va shaharlarda davom ettirilmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA