Soliq organlarida qancha ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgani aytildi
O‘zbekistonda ijara munosabatlarini qonuniylashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy faoliyatini shaffoflashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘zining amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda.
Soliq organlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylari davomida respublika bo‘yicha 542 mingga yaqin ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgan. Mazkur shartnomalar asosida davlat byudjetiga 438,8 milliard so‘m soliq hisoblangan.
Qayd etilishicha, ijara munosabatlarining rasmiylashtirilishi nafaqat byudjet tushumlarining ortishiga, balki ijara beruvchi va ijara oluvchilarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish, bozorda shaffoflikni ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Hisobot davrida jismoniy shaxslar o‘rtasida 380,6 mingta ijara shartnomasi rasmiylashtirilgan. Ushbu shartnomalar asosida 335,9 milliard so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, ijara shartnomalari soni 19,6 foiz, hisoblangan daromad solig‘i summasi esa 48,8 foizga oshgani diqqatga sazovor. Bu ko‘rsatkichlar aholi o‘rtasida ijara munosabatlarini rasmiylashtirish madaniyati shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, daromad solig‘i tushumlarining shartnomalar soniga nisbatan tezroq o‘sishi uy-joy va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish qiymatining oshishi, shuningdek, yashirin ijara munosabatlarining qonuniy maydonga chiqarilayotgani bilan izohlanmoqda.
Yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomalari ham sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, hisobot davrida 161,3 mingta shartnoma ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular bo‘yicha 102,9 milliard so‘m soliq hisoblangan.
Bu ko‘rsatkichlar 2025-yilning shu davriga nisbatan ijara shartnomalari soni bo‘yicha 25,7 foiz, hisoblangan soliq summasi bo‘yicha esa 27 foiz o‘sishni ta’minlagan. Bu esa biznes muhitida qonuniy faoliyat yuritish, moliyaviy hisobotlarni to‘g‘ri shakllantirish va mulkiy munosabatlarni rasmiy asosda tartibga solishga bo‘lgan intilish kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida joriy etilgan soliq imtiyozlari ham ijobiy natijalar bermoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolarning uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olgan daromadlari daromad solig‘idan ozod etilgan.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida mazkur imtiyoz doirasida soliq to‘lovchilarga 37,7 milliard so‘mlik soliq yengilligi taqdim etildi. Natijada talabalar bilan 79,5 mingdan ortiq turar joy ijara shartnomasi tuzilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda ijara asosida yashab, ta’lim olayotgan talabalar soni 110 ming 497 nafarni tashkil etmoqda. Bu esa talabalarning turar joy masalasini hal etishda davlat tomonidan yaratilgan iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlari muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda raqamli xizmatlarning joriy etilishi, elektron ijara shartnomalarini rasmiylashtirish imkoniyatlarining kengayishi hamda soliq ma’muriyatchiligining takomillashtirilishi natijasida ijara bozorida ochiqlik va hisobdorlik darajasi sezilarli oshdi.
Tahlilchilarning fikricha, ijara munosabatlarini to‘liq qonuniy maydonga chiqarish byudjet tushumlarini ko‘paytirish bilan birga, ko‘chmas mulk bozorining barqaror rivojlanishi, aholi huquqlarining himoya qilinishi va investitsiya muhitining yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, ijara shartnomalari soni va soliq tushumlarida kuzatilayotgan ijobiy dinamika mamlakatda iqtisodiyotni legallashtirish hamda moliyaviy intizomni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasi sifatida baholanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA